Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Spiker boshchiligida siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, qo`mitalar raislari va deputatlar ishtirokida O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa egalari kengashi murojaatnomasi yuzasidan quyi palatada yig`ilish o`tkazildi, deya xabar beradi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati.
Murojaatnomada Fermer xo`jaliklari va boshqa qishloq xo`jaligi mahsuloti etishtiruvchi zahmatkash dehqonlarimizning g`alla etishtirishdan moddiy manfaatdorligini oshirish, ularning o`z mehnatlariga yarasha daromad olishlari va shu orqali ularning g`alla etishtirish hajmlarini ko`paytirishga qiziqishlari ortishini ta`minlash maqsadida qator takliflar bildirilgan.
Murojaatnomada ta`kidlanishicha, g`alla xarid narxlari bozor narxlariga yaqinlashtirilgan sharoitda, bir qator don korxonalari fermer xo`jaliklaridan qabul qilgan g`alla uchun hisob-kitobni yakuniga etkaza olmayapti.
Buning sababi, don korxonalari bug`doyni bozor narxida xarid qilib, qayta ishlashdan tayyorlangan unning 1 kilosi uchun 1400 so`mdan, ya`ni Hukumat tomonidan belgilab qo`yilgan qat`iy narxda sotishi bilan izohlanmoqda. Don korxonalari zarar ko`rayotgani sababli, fermerlar bilan o`z vaqtida hisob-kitob qila olmayapti.
Shundan kelib chiqib, mazkur Murojaatnomada fermer xo`jaliklari va boshqa qishloq xo`jaligi mahsuloti etishtiruvchi zahmatkash dehqonlarimizning g`alla etishtirishdan moddiy manfaatdorligini oshirish, ularning o`z mehnatiga yarasha daromad olishi, shu orqali g`alla etishtirish hajmini ko`paytirishga qiziqishi ortishini ta`minlash maqsadida parlament vakillari e`tibori bir qator takliflarga qaratilgan. Xususan, davlat tomonidan g`alla etishtirishni qo`llab-quvvatlash maqsadida qishloq xo`jaligi korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratish tizimini yanada takomillashtirish, fermer xo`jaliklarida g`alla etishtirish uchun talab etiladigan yoqilg`i-moylash mahsulotlari, mineral o`g`itlar va o`simliklarni himoya qilish vositalari hamda boshqa resurslarni etkazib berishni to`liq bozor mexanizmlariga o`tkazish orqali ushbu tizimni tubdan takomillashtirish lozimligi ta`kidlangan.
Ushbu Murojaatnoma kelib tushgan kundayoq unda keltirilgan takliflarni har tomonlama o`rganib chiqishga kirishish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruhi Murojaatnomada keltirilgan har bir dalil va taklifni joylarga chiqqan holda, don korxonalari, fermerlar hamda iste`molchilar bilan bevosita uchrashib, har taraflama o`rganadigan, xalqimizning fikr-mulohazalarini olgan holda, zarur chora-tadbirlar ko`rish yuzasidan taklif tayyorlaydigan bo`ldi.