AsosiySport

Boks bo`yicha Jahon chempionati kumush medali sohibi Dilshodbek Ro`zmetovga “Spark” avtomobili sovg`a qilindi

'Boks bo`yicha Jahon chempionati kumush medali sohibi Dilshodbek Ro`zmetovga “Spark” avtomobili sovg`a qilindi'ning rasmi

Yaqinda Rossiya Federasiyasining Ekaterinburg shahrida nihoyasiga etgan boks bo`yicha jahon chempionatida milliy terma jamoamiz a`zolari vatanparvarlik namunasini ko`rsatib, umumjamoa hisobida birinchi o`rinni egallashgandi.

Albatta, sportchilarimizning el-yurt sha`ni va obro`yini dunyo miqyosida ko`klarga ko`tarish yo`lidagi mehnatlari bee`tibor qolmadi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Rossiya Federasiyasining Ekaterinburg shahrida boks bo`yicha bo`lib o`tgan jahon chempionatida yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhini mukofotlash to`g`risida”gi Farmoniga asosan, O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zolari, ularning murabbiylari faxriy unvon va medallar bilan mukofotlandi. Shuningdek, bokschilarimizning barchasiga Prezident sovg`asi – pul mukofoti va avtomobillar topshirildi.

Bunday yuksak sharafga sazovor bo`lganlar orasida Pahlavon Mahmud, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk siymolar tavallud topgan zamin - Xorazm vohasining mard va jasur o`g`loni Dilshodbek Ro`zmetov ham bor bo`lib, hukumatimiz tomonidan “Kelajak bunyodkori” medaliga loyiq ko`rildi. Shuningdek, Prezidentimiz sovg`asi 6 ming AQSh dollari miqdorida pul mukofoti va “Gentra” avtomobili bilan taqdirlandi.

Dilshodbek Xorazm viloyatida katta shodiyona bilan kutib olindi. Urganch ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatining “Boks markazi” xiyobonida bo`lib o`tgan tantanada so`zga chiqqan Xorazm viloyati hokimi F.Ermanov mamlakatimiz bokschilarining katta yutug`iga o`zining munosib ulushini qo`shgan xivalik Dilshodbek Ro`zmetovga “Spark” avtomobili, uning murabbiyi Ilhom Sa`dullaevga zamonaviy rusumdagi televizor sovg`a qildi.

O`z navbatida Ro`zmetov ko`rsatilayotgan bunday e`tibor va g`amxo`rliklar uchun hukumatimizga, xususan, Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, kelasi yili Tokio shahrida uyushtiriladigan yozgi Olimpiada o`yinlari yo`llanmasini qo`lga kiritib, ushbu yirik sport anjumanining g`oliblik shohsupasiga ko`tarilishga va`da berdi.

    Boshqa yangiliklar