41

QQSning pasaytirilishi tadbirkorlar faoliyatiga qanday ta`sir etadi?

Iqtisodiyot 07.10.2019, 14:50
64
QQSning pasaytirilishi tadbirkorlar faoliyatiga qanday ta`sir etadi?

Prezidentning joriy yilning 26 sentyabrdagi “O`zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoniga muvofiq, 1 oktyabrdan qo`shilgan qiymat solig`i stavkasi amaldagi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirildi.

Davlat soliq qo`mitasi raisi Behzod MUSAEV O`zA muxbiri bilan suhbatda 15 foizli qo`shilgan qiymat solig`i amaliyotga joriy etilishi chog`ida tadbirkorlik sub`ektlari oldida turgan birinchi galdagi vazifalarga to`xtalib o`tdi.

“ — Shu kungacha nazorat-kassa apparatlari xotirasiga yozilgan formulaga muvofiq, xarid qilingan mahsulotlar uchun 20 foizlik qo`shilgan qiymat solig`i saqlab qolinardi. 1 oktyabrdan bu amaliyot 15 foiz etib belgilangani bois nazorat-kassa apparatlarini qayta tizimlash zarurati tug`iladi. Muddati tugamagan shartnomalarga esa tuzatish kiritiladi. Shuningdek, biznes sub`ektlari imzolagan har bir shartnomani qayta inventarizasiya qilishi kerak”, deydi B.Musaev.

O`zA muxbiri Davlat soliq qo`mitasi raisdan ushbu farmon bilan tadbirkorlar hisob raqamlarini to`xtatib qo`yishning amaldagi tartibi bekor qilinishi ijtimoiy tarmoqlarda katta aks-sado berganligi, shu bois ham ushbu amaliyotning ahamiyatiga to`xtalishini so`radi.

“– Shu kunga qadar, tadbirkor topgan daromadi haqidagi ma`lumotlarni soliq idoralariga taqdim etmagan taqdirda, soliq kodeksiga ko`ra, ular mablag`larining bankda aylanishiga chek qo`yilardi. Bunday vaziyatda tadbirkor soliq idoralariga murojaat qilmasa, taqiq belgilanmagan muddatgacha davom etardi.

Hozirgi kunda 18 mingdan ortiq xo`jalik yurituvchi sub`ektning bankdagi amaliyotlari to`xtatilgan. Bu iqtisodiyotda pul mablag`larining harakatlanishiga chek qo`yish demakdir.

Prezidentimiz farmoni bilan endilikda soliq idoralari va tadbirkor o`zaro hamkorlikda ishlashi belgilandi. Shunda ham tadbirkor daromadlarini yashirishda davom etsa, oxirgi chora sifatida cheklov belgilanadi va bu muddat 30 kundan ortiqni tashkil qilmaydi,” — deb izohladi B.Musaev.

Комментарии