41

Nega korxonalar fermerdan g`alla olib, pulini berolmayapti? XDPning xulosasi

Siyosat 09.10.2019, 15:10
80
Nega korxonalar fermerdan g`alla olib, pulini berolmayapti? XDPning xulosasi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig`ilishida ham O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi Rayosatining Oliy Majlisga yo`llagan G`alla etishtiruvchi fermer xo`jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta`minlash yuzasidan murojaatnomasi muhokama qilindi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Fraksiya a`zosi Tursunpo`lat Norboevning ta`kidlashicha, bir qator don korxonalari fermer xo`jaliklaridan qabul qilgan g`alla uchun hisob-kitobni yakuniga etkaza olmayapti. Buning sababi don korxonalari bug`doyni bozor narxida xarid qilib, qayta ishlashdan tayyorlangan unning 1 kilosini 1400 so`mdan, ya`ni hukumat tomonidan belgilab qo`yilgan qat`iy narxda sotayotgani bilan izohlanmoqda.

O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi Rayosati Murojaatnomasida ham fermerlarni yanada qo`llab-quvvatlashda amaliy yordam so`ralgan.

Murojaatnomada ko`tarilgan masalalarni o`rganish maqsadida deputatlarning aholi, dehqon va fermerlar, mutaxassislar bilan o`tkazgan uchrashuvlarida bir qator muammolar ko`tarilgan. Xususan, don korxonalari un mahsulotlarini ishlab chiqarishda bozor iqtisodiyoti mexanizmlarini yo`lga qo`ymagani ma`lum bo`ldi. Bu esa fermer xo`jaliklari va boshqa qishloq xo`jaligi mahsuloti etishtiruvchilarda haqli e`tirozlarni keltirib chiqarmoqda. Buxoro viloyatidagi “Kogondonmahsulotlari” AJda 50 kilogramm un 87500 so`mdan sotilmoqda. Lekin viloyatdagi xususiy do`konlarda, xususan, Kogon tumanida 50 kilogramm un 121-125 ming so`mdan, Qorovulbozor tumanida 130-135 ming so`mdan sotilmoqda.

Fraksiya a`zosi Shuhrat Tursunboevning ta`kidlashicha, Toshkent viloyatida yanvar-avgust oylarida 31 ming dollarlik un mahsuloti import qilingan bo`lib, ular asosan Qozog`istondan olib kelingan. Import qilingan oliy navli un chakana narxda Bo`ka tumani bozorida 3500 so`mdan, Parkent va Toshkent tumanlarida 3000 so`mdan, Angren shahrida 5000 so`mdan, Chirchiq shahrida 4000 so`mdan sotilmoqda.

Shuningdek, bir dona qolipli non 600 gramm bo`lishi va uning narxi 1200 so`m etib belgilangan bo`lsa-da, joylarda o`tkazilgan o`rganishlar davomida bir dona qolipli non 450-500 grammda belgilangan narxdan yuqori sotilayotgani aniqlangan. Xususan, Buxoro viloyatida 500 grammli qolipli non 1200, 1500 so`mdan, Qorako`l va Olot tumanlarida 1750 so`mdan sotilish holatlari kuzatilgan.

Tadbirda mamlakatimizda g`allaga xarid narxi belgilash amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechib, bozorda shakllangan talab va taklif asosida erkin narxlarda sotish tizimini yaratish kerakligi alohida qayd etildi.

Shundan kelib chiqib, fraksiya a`zolari joylardagi ushbu vaziyatga o`z munosabatini bildirdi. Deputatlar aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida davlat tomonidan un va non maxsulotlari arzon narxda etkazib berilishi belgilangan bo`lsa-da, ijtimoy himoyalangan aholi qatlamiga har doim ham un mahsulotlari o`z vaqtida etkazib berilmayotganini ta`kidladi. Fraksiya a`zolari fermer xo`jaliklarida g`alla etishtirish uchun talab etiladigan yoqilg`i-moylash mahsulotlari, mineral o`g`itlar, o`simliklarni himoya qilish vositalari va boshqa resurslarni etkazib berishni bozor mexanizmlariga o`tkazish orqali ushbu tizimni tubdan takomillashtirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi. G`alla, un va nonning narxi erkinlashtirilishi jarayonida Vazirlar Mahkamasi tomonidan aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini himoyalashga qaratilgan zarur choralarni ko`rish masalasiga alohida e`tibor qaratilishi kerak.

Комментарии