41

BMT kotibi tashkilotning moliyaviy resurslari tugab borayotganini ma`lum qildi

Dunyo 09.10.2019, 18:15
125
BMT kotibi tashkilotning moliyaviy resurslari tugab borayotganini ma`lum qildi

BMT kotibi Antonio Guterish tashkilotning moliyaviy resurslari tugab borayotganini ma`lum qildi. Bu haqda Ntdtv.ru nashri xabar berdi.

Ma`lumotlarga ko`ra, ayni damda tashkilotga a`zo 193 davlatdan faqat 129 tasigina bu yil uchun badal to`lovlarini amalga oshirgan. Kelib tushgan umumiy mablag` miqdori esa ikki milliard AQSh dollarini tashkil etgan. BMTning yillik byudjeti esa 3,3 mlrd.dollarni tashkil qiladi. Bosh kotib so`zlariga ko`ra, bu oyda tashkilot so`nggi o`n yillikdagi eng chuqur inqirozga duch kelmoqda. Buning natijasida tinchlikparvarlik operasiyalariga pul mablag`lari zahirasini yopish va noyabr oyi uchun xodimlarga ish haqi to`lash masalalarida etishmovchilik kuzatilish xavfi yuzaga kelmoqda.   Mablag` etishmovchiligi ortidan sentyabr oyida tashkilot xodimlari faqatgina o`ta muhim va dolzarb bo`lgan xizmat safarlariga borgan. Bir qator uchrashuvlarni ortga surishga yoki bo`lmasam mutlaqo bekor qilishga to`g`ri kelgan. Bu esa BMTning ko`plab rejalashtirgan operasiyalariga o`z ta`sirini o`tkazmoqda.

"Bizning ishimiz va islohotlarimiz ayni damda xavf ostida. 2020 yil uchun dastur bo`yicha takliflarni taqdim etar ekanman, sizni to`lovlarni o`z vaqtida to`lashga chaqiraman va buni amalga oshirgan a`zo davlatlarga esa minnatdorchilik bildiraman",– deya ta`kidladi Antonio Guterish. 

AQSh BMTning eng yirik donori bo`lib hisoblanadi. Rasmiy Vashington tashkilot umumiy byudjetining 22 %ni to`laydi. Qo`shma Shtatlar o`tgan yillar uchun 380mln.dollar va bu yil uchun esa 670mln.dollar  qarzdor. Prezident Donald Tramp AQShning hissasi haddan tashqari yuqori ekanligini ta`kidlab, xalqaro tashkilotni isloh qilishga chaqirmoqda.

Комментарии