42

Mirishkor tumani hokimi nevaralariga makkajo`xori «olib» beratgan boboni haqorat qilgani uchun uzr so`radi

Jamiyat 09.10.2019, 23:58
889
Mirishkor tumani hokimi nevaralariga makkajo`xori «olib» beratgan boboni haqorat qilgani uchun uzr so`radi

Ijtimoiy tarmoqlarda makkajo`xori o`g`risi va uni izza qilgan Mirishkor tumani hokimi haqidagi video tarqaldi. Unda hokim makkajo`xori o`g`irlashda gumon qilingan fuqaroni haqoratlagani aks etgan.

Ushbu video yuzasidan Mirishkor tumani hokimi Ravshan Komilovdan izoh olish maqsadida tumanda bo`lgan “Darakchi”ning jamoatchi muxbiri Otabek Qo`ldoshevning yozishicha, makkajo`xori voqeasi 2019 yil 29 sentyabr kuni bo`lib o`tgan. 

 Aniqlanishicha, makkajo`xori o`g`irlashda ayblanayotgan videodagi shaxs tumanning “Guliston” qishlog`ida yashovchi fuqaro Sayfulla Muhammadiev. 

      Mirishkor tumani hokimi muxbir bilan suhbati avvalida videodagi ovoz haqiqatdan ham o`zining ovozi ekanligini tasdiqladi. 

     Videodan anglashilishicha, Mirishkor tumani hokimi Ravshan Komilov fuqaroni o`g`rilikda gumon qilib, koyiydi. Nabiralarini ham o`g`irlik qilishga o`rgatayotganlikda ayblaydi. Tadbirkor xorijga sotishni maqsad qilgan makkajo`xorini hamma olib ketaversa, eksport nima bo`ladi?, - deya savol beradi hokim. O`g`irlikda ayblanayotgan kishi esa nabiralarining qistovi bilan makkajo`xori olganini aytadi va nabiralariga urishadi. 

         Tuman hokimi Ravshan Komilovning iqroricha, videoni hokimining o`zi tasvirga olgan. So`ngra makkajo`xori etishtirayotgan tadbirkorga telegram ijtimoiy tarmog`i orqali jo`natgan va o`g`rilikdan xabardor qilgan. Tadbirkor esa makkajo`xori etishtirayotgan fermerga holatni ma`lum qilgan. Turgan gapki, fermer ishchisiga o`g`rilikni video orqali ma`lum qilib, uni e`tiborsizlikda ayblagan. Xullas, hokimning o`zi suratga olgan video yana hokim tashabbusi bilan ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqaladi. Keyingi voqealar esa o`zingizga ayon. 

“Darakchi” muxbiri Ravshan Komilov bilan suhbati davomida o`g`irlangan hamda qaytarib olingan makkajo`xorilar nega hokim avtomobiliga solingani bilan ham qiziqdi.

— Makkajo`xorini isbot sifatida o`zim oldim va hudud profilaktika inspektoriga topshirdim, - deydi Ravshan Komilov o`g`irlangan makkajo`xorilar haqida gapirar ekan.  – Urug`ining kilosi 1 dollardan oshiq mablag`ga sotib olinayotgan makkajo`xori gektaridan 10 tonna hosil beradi. Mahsulot eksporti haqida men qayg`urmasam kim qayg`uradi?           

Aytishlaricha, o`g`irlanayotgan makkajo`xori gektaridan 10 tonna hosil beradi. Hosilning har kilosi esa xorijda 1 dollardan oshiq mablag`a sotiladi. 

— Tadbirkor mehnatini qadrlaganim va tumanning eksporti haqida qayg`urganim uchun ham makkajo`xori o`g`irlayotgan kishini koyidim, - deydi Ravshan Komilov. – Holatni ko`rib, jahlim chiqqani rost. Biroq men aytgan qo`pol so`zlar boshqa birovga qaratilmagan. Ya`ni hech kimni haqoratlamadim. To`g`ri, hokim sifatida qo`pol so`zlarni umuman ishlatmasligim kerak edi. Ammo men qo`pol so`zlarni aytdim. Xato qildim va xatoimni anglab etdim. Buning uchun xalqimizdan uzr so`rayman. Va bu holat takrorlanmasligiga va`da beraman. 

Tadbirkor Nodirbek Rahmonovning ma`lumot berishicha, 1 tonna 800 kilo urug`  Ispaniya davlatidan 15 ming AQSh dollari evaziga shartnoma asosida keltirilgan. 

— Makkajo`xori ekilgan er maydoni “Qurbonov Xolmurod” fermer xo`jaligiga eri hisoblanadi, - deydi tuman hokimi o`rinbosari G`anisher Fayziev. - Tumandagi g`alladan bo`shagan er maydonlariga takroriy ekin sifatida makkajo`xori, sabzi va dukkakli mahsulotlar etishtirishni maqsad qilgan fermerlar “Mirishkor stroy sentr” MChJ rahbari Nodirbek Rahmonov bilan shartnoma tuzib, makkajo`xori urug`ini buyurtma asosida keltirishgan. 

Tuman hokimligi axborot xizmatidan ma`lum qilinishicha, joriy yilda Nodirbek Rahmonov rahbarligidagi MChJ Mirishkor tumanidan Rossiya va Qozog`iston davlatlariga 1,5 million dollarlik mahsulot eksport qilishini rejalashtirgan va hozirga qadar 417 ming dollarlik dukkakli mahsulotlar eksport qilingan. 

Ma`lum qilishlaricha, ayni paytda fermer xo`jaligi etishtirgan 600 tonna makkajo`xori doni xorijga eksport qilinishi mo`ljallanmoqda. 

Tuman hokimining mahsulot eksporti haqida qayg`urishi tahsinga loyiq, albatta. Ammo hokim nima bo`lganda ham tilga olib bo`lmaydigan qo`pol so`zlarni ishlatmasligi kerak va shart edi. Boisi, Ravshan Komilov Prezident Shavkat Mirziyoevning Mirishkor tumanidagi vakili. Shuning uchun ham hokim tilini tiyishi lozim edi.

 

 

Комментарии