AsosiyJamiyat

O`zbekistondagi to`rtta maktabda Klett-Verlag kompaniyasining nemis tili darsliklari sinovdan o`tkazilmoqda

'O`zbekistondagi to`rtta maktabda Klett-Verlag kompaniyasining nemis tili darsliklari sinovdan o`tkazilmoqda'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirining birinchi o`rinbosari Alisher Umarov Germaniya tashkilotlari delegasiyasini qabul qildi, deya xabar beradi Xalq ta`limi vazirligi Axborot xizmati.

Uchrashuvda Klett-Verlag kompaniyasining nashriyoti vakili X.Sheffer, Germaniyadagi chet el maktablari Markaziy boshqarmasi koordinatori (SFA) Barbara Dambolt hamda Toshkent shahridagi Gyote instituti Tillar bo`limi boshlig`i D.Muhammadaminovadan iborat delegasiya vakillari tomonidan O`zbekiston maktablarida Klett-Verlag kompaniyasining nemis tili darsliklarini joriy etish masalasi muhokama qilindi.

E`tiborli jihati, Klett-Verlag kompaniyasining nemis tili darsliklari Samarqand, Farg`ona, Urganch va Toshkent shahridagi to`rtta maktabda sinovdan o`tkazilmoqda.

Xalq ta`limi vazirligi sinov natijalariga ko`ra, o`qituvchilar fikrini o`rganib, Klett-Verlag darsliklarini sotib olish masalasini hal etadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 355,1 mingdan ortiq o`quvchilar nemis tilini chet tili sifatida o`rganmoqda. Respublikamiz umumta`lim maktablarida 3,1 mingga yaqin nemis tili o`qituvchisi mehnat faoliyatini yuritmoqda. 9 ta maktabda esa nemis tili chuqur o`rganilmoqda.

Ushbu darsliklarni xalqaro grant, xorijiy investisiya va boshqa vositalar yordamida sotib olish bo`yicha takliflar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar