Sport gimnastikasi bo`yicha etti karra olimpiada o`yinlari ishtirokchisi Oksana Chusovitina 2020 yil Tokioda bo`lib o`tadigan Yozgi olimpiada o`yinlari yo`llanmasini qo`lga kiritdi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri manbalari xabar bermoqda.
Bu natija orqali u faoliyati davomida sakkizinchi olimpiadada ishtirok etadigan bo`ldi va o`zining Ginnes rekordlari kitobidagi rekordini yangiladi.
Germaniyaning Shtutgart shahrida bo`lib o`tayotgan sport gimnastikasi bo`yicha jahon chempionati bahslarining tayanib sakrash turida ishtirok etayotan 44 yoshli Chusovitina individual bahslarda Olimpiada yo`llanmasini beruvchi normani bajardi va sakkizinchi bor bunday nufuzli turnirda ishtirok etish huquqini qo`lga kiritdi.
Chusovitinadan tashqari mazkur musobaqada ishtirok etayotgan yana bir o`zbekistonlik sportchi Rasul Abdurahimov yakkalik bahslarda qayd etgan natijasi bilan olimpiada yo`llanmasini qo`lga kiritdi. Shu tariqa Olimpiada yo`llanmasini qo`lga kiritgan o`zbekistonlik sportchilar soni ayni vaqtga kelib 10 nafarga etdi.
Ma`lumot uchun, Oksana Chusovitina 1992 yildan boshlab 2016 yilga qadar o`tkazilgan barcha etti olimpiada o`yinlarida ishtirok etgan. Bu sport gimnastikasi tarixidagi eng yaxshi natija bo`lib, sportchi 2016 yilda Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgandi. Olimpiadalar tarixidagi mutlaq rekordchi esa ot sporti ustasi kanadalik Ian Miller sanaladi. U 1972 yildan 2012 yilga qadar jami 10ta Olimpiada o`yinlarida ishtirok etgan.
Chusovitina 1992 yilda MDH terma jamoasi tarkibida olimpiada oltin medalini qo`lga kiritgan. 2008 yilgi Pekin olimpiadasida esa Germaniya terma jamoasi safida ishtirok etib kumush medaliga sazovor bo`lgan. Bundan tashqari u uch karra jahon chempioni (bittasida O`zbekiston terma jamoasi tarkibida), to`rtta kumush (ikkitasi O`zbekiston terma jamoasi tarkibida) , to`rtta bronza (uchtasi O`zbekiston tarkibida) medallarini qo`lga kiritgan. Ikki karra Osiyo o`yinlari chempionligini, to`rtta kumush va ikkita bronza medallarini qo`lga kiritgan. Germaniya terma jamoasi bilan esa Evropa chempionligi va Evropa chempionatining to`rtta kumush medalini qo`lga kiritgan.