O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida «Rossiya Mudofaa vazirligi bo`linmalarida moliyaviy ta`minot» mavzusida o`quv-uslubiy seminar mashg`uloti o`tkazildi.
Unda Rossiya Mudofaa vazirligi moliyaviy rejalashtirish departamenti direktori Maksim Loskutov, mazkur departament bo`lim boshlig`i Viktor Kachaev, Rossiya Mudofaa vazirligi ijtimoiy kafolat departamenti direktori Yuliya Yarkoeva, Rossiya Mudofaa vazirligi moddiy-ta`minot departamenti direktori o`rinbosari Aleksey Charkovdan iborat delegasiya ushbu mamlakatda to`plangan sohaviy tajribalar bilan o`rtoqlashdi.
Delegasiya vakillari Rossiya Qurolli Kuchlarining asosiy byudjet parametrlari va bazaviy moliyaviy xarajatlar ko`rsatkichlarini shakllantirish, tartibga solish bosqichlari, bu borada me`yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, mamlakat Byudjet kodeksiga asosan, moliyaviy xizmatlar ko`rsatish, buxgalteriya hisobi, hisoboti va qaydnomalarini yuritish, harbiy sanoat, moliya va iqtisodiyot tarmog`idagi faoliyatning o`ziga xosliklari yuzasidan atroflicha ma`lumot berdi.
Mavzuga doir taqdimotlarda harbiy xizmatchilar va ularning oila a`zolarini ijtimoiy himoyalash, ish haqi, xizmat safari, kompensasiya to`lovlari, nafaqa va boshqa moliyaviy rejalarning metodologik ta`minoti turli grafik va jadvallarda aks ettirildi. Seminar mashg`ulotini yurtimizdagi turli harbiy okrug mutaxassislari videokonferens-aloqa orqali onlayn tarzda kuzatish imkoniga ega bo`ldi.
– Rossiya – federal mamlakat. Shunga ko`ra, federal byudjet loyihasini shakllantirishda ham qator o`ziga xosliklar ko`zga tashlanadi. Bugungi tadbirda Rossiya Federasiyasi Qurolli Kuchlarida yagona shtatlar tarifikasiyasi siyosatini amalga oshirish, elektron byudjet statistikasi kabi jihatlar e`tiborimni tortdi, – deydi O`zbekiston Mudofaa vazirligi moliya-iqtisodiyot bo`limi boshlig`i mayor Nodir Haydarov. – O`ylaymanki, bu kabi o`quvlar o`zaro tajriba almashish, ikki mamlakat o`rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida seminar ishtirokchilari xorijlik mutaxassislardan o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti