AsosiyJamiyat

Markaziy bank 9 oy uchun valyuta oldi-sotdisi bo`yicha sharh berdi

'Markaziy bank 9 oy uchun valyuta oldi-sotdisi bo`yicha sharh berdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki Ichki valyuta bozori to`g`risida qisqacha sharx (2019 yilning yanvar-sentyabr oylari davomida)ni e`lon qildi.

Unga ko`ra, 2019 yilning 9 oyi davomida ichki valyuta bozorida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan valyuta oldi-sotdi operasiyalarining jami aylanma hajmi 24,3 mrld. AQSh dollarini tashkil etib, o`tgan yilning mos davridagi ko`rsatkichga (18,3 mrld. doll.) nisbatan 

1,3 barobarga oshdi. 

Ichki valyuta bozorida amalga oshirilgan operasiyalar quyidagilarni o`z ichiga oladi: 

Valyuta birjasining banklararo savdo sessiyalarida amalga oshirilgan valyuta oldi-sotdi operasiyalarning hajmi 15,5 mlrd. dollarni tashkil etib, bundan jami talab 7,7 mlrd. dollarga, taklif esa 4,8 mlrd. dollarga teng bo`ldi. 

Talab va taklif o`rtasidagi 2,9 mlrd. dollar miqdoridagi tafovut Markaziy bankning sof intervensiyalari hisobiga qoplanib, yil boshidan mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan monetar oltin hajmi (3,0 mlrd. doll.) doirasida bo`lgan. Bu o`z navbatida, pul-kredit siyosatidan kelib chiqib, iqtisodiyotga qo`shimcha kiritilgan likvidlikni sterilizasiya qilish imkonini yaratdi, deya izohlamoqda Markaziy bank. 

Tijorat banklar ulushi

Shuningdek, tahlillarda birjadan tashqari valyuta bozorida tijorat banklari tomonidan amalga oshirilgan valyuta oldi-sotdi operasiyalarining jami hajmi 5,2 mlrd. dollarga teng bo`lgani keltirilgan. Bunda tijorat banklari mijozlar-yuridik shaxslardan 3,0 mlrd. dollar miqdorida valyuta mablag`lari sotib olib, o`z navbatida ularga 2,2 mlrd. dollar miqdorida valyuta mablag`lari sotgan. Ushbu operasiyalar natijasida yuzaga kelgan 0,8 mlrd. dollar miqdoridagi valyuta mablag`lari tijorat banklarining o`z ihtiyorida qolib, ichki valyuta bozorida qo`shimcha taklif shakllanishiga zamin yaratadi. 

Axolidan ayirboshlangan valyutalar

Shuningdek, valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali tijorat banklari bilan aholi o`rtasida amalga oshirilgan valyuta oldi-sotdi (naqd va naqdsiz shaklda) operasiyalarining jami hajmi 3,6 mlrd. dollarga etgan. Bunda aholidan sotib olingan valyuta mablag`lari 2,5 mlrd. dollarni, aksincha ularga sotilgan valyuta miqdori 1,0 mlrd. dollarni tashkil etadi. Yuqoridagi kabi, aholi bilan amalga oshirilgan operasiyalar natijasida yuzaga kelgan 1,5 mlrd. dollar miqdoridagi valyuta mablag`lari ham ichki valyuta bozorida taklif yaratdi. 

Taqqoslash shuni ko`rsatadiki, tijorat banklarining aholi bilan valyuta oldi-sotda operasiyalari hajmi o`tgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 barobarga oshdi. 

Pul o`tkazmalari hajmi

Joriy yil yanvar-sentyabr oylari davomida aholi tomonidan amalga oshirilgan pul o`tkazmalari jami aylanma hajmi esa 5,2 mlrd. dollarni tashkil etib, bundan 4,5 mlrd. dollar valyuta mablag`lari respublikaga xalqaro pul o`tkazmalar tizimi orqali kirib kelgan bo`lsa, 0,8 mlrd. dollar aholi tomonidan chet el mamlakatlariga yuborilgan. 

Xalqaro pul o`tkazmalari orqali respublikamizga kirib kelgan valyuta mablag`lar hajmi o`tgan yilning shu davriga nisbatan 18% ga oshdi (2018 yil yanvar-sentyabr - 3,8 mrld. doll.). 

Valyuta kursi dinamikasi 

2019 yilning 9 oyida davomida milliy valyutamizning chet el valyutasiga nisbatan kursi ichki valyuta bozorida mavjud talab va taklifdan kelib chiqib 13% ga pasaydi. Ushbu davr mobaynida valyuta kursining minimal va maksimal ko`rsatkichi mos ravishda 8334 so`m/doll. (yanvar oyida) va 9457 (sentyabr oyida) so`m/dollarni tashkil etdi. 

Joriy yilning avgust oyida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida almashuv kursining yangi bozor sharoitlariga moslashtirilishidan so`ng sentyabr-oktyabr oylarida valyuta birjasida almashuv kursi dinamikasining barqarorligi kuzatilib, makroiqtisodiy sharoit va omillarni inobatga olgan holda yil yakuniga qadar keskin o`zgarishi kutilmayapti.

    Boshqa yangiliklar