AsosiyJamiyat

PARIJDA IBN SINO NOMIDAGI XALQARO MUKOFOTNI TOPShIRISh MAROSIMI BO`LIB O`TDI

'PARIJDA IBN SINO  NOMIDAGI XALQARO MUKOFOTNI TOPShIRISh MAROSIMI BO`LIB O`TDI'ning rasmi

 

Fransiya Tibbiyot akademiyasida “PRIX INTERNATIONAL AVICENNE 2019” Ibn Sino nomidagi xalqaro mukofotni topshirish marosimi o`tkazildi. Tadbir O`zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. 

Shunisi quvonarliki, bu yil mazkur mukofot sovrindorlari orasida O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va targ`ib qilish bo`yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov ham bor. Joriy yilda bu mukofotga Montpele universiteti Tibbiyot fakulteti dekani Mishel Monden va jazoirlik olim, Ibn Sino merosini uzoq yillardan beri tadqiq etib kelayotgan islomshunos, tarix fanlari doktori G`olib Bensxeyx sazovor bo`lishdi. 

Hakamlar hay`ati tarkibiga Fransiya Milliy Tibbiyot Akademiyasi, «MED21» dasturi, “Ibn Sino –Fransiya” uyushmalari, shuningdek, Fransiyaning ilmiy jamoatchiligi vakillari kiritilgan.

- Biz “O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida" loyihasi O`zbekiston jamoatchiligi va Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan har tomnlama qo`llab-quvvatlanayotganidan juda minnatdormiz, - dedi “Ibn Sino -Fransiya uyushmasi prezidenti Mark Bonnel – O`zbekiston madaniyati va merosi jahon sivilizasiyasining  tarkibiy qismi sanaladi. Har birimiz uning rivojlanishi va ommalashuviga muntazam hissa qo`shishimiz kerak. Ushbu tarixiy meros haqidagi bilimlar va tushunchalar Evropaga va butun dunyoga tarqalishi kerak."

- Yangi O`zbekistonda yaratilgan sharoitlar tufayli bizda ilm-fan va ta`limni, madaniy sohalarni rivojlantirishga qaratilgan yirik xalqaro gumanitar loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzaga keldi, - dedi taqdirlash marosimida "O`zbekistonning madaniy merosi dunyo to`plamlarida" loyihasining muallifi Firdavs Abduxalikov.

Eslatib o`tamiz, ushbu xalqaro mukofot Buxoroda tug`ilib voyaga etgan buyuk olim va mutafakkir Abu Ali ibn Sino sharafiga Fransiyada ta`sis etilgan. Ushbu mukofot tibbiyot, fan va ta`lim sohasida katta yutuqlarga erishgan insonlarga beriladi. 

    Boshqa yangiliklar