AsosiyJamiyat

Ogoh bo`ling: samarqandlik yigit “telegram” orqali terroristlarga qo`shilib qoldi

'Ogoh bo`ling: samarqandlik yigit “telegram” orqali terroristlarga qo`shilib qoldi'ning rasmi

1994 yil Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida tug`ilgan Sherzod Anvarov 2016 yilning mart oyida ishlash uchun Rossiya Federasiyasiga boradi va u erda ijtimoiy tarmoqlar orqali bir nechta akkaunt egalari bilan, xususan, “Islom davlati” xalqaro terroristik tashkiloti a`zosi bo`lgan Nusratullo ismli shaxs bilan tanishadi. Natijada Nusratullo targ`ib qilgan, sof islom diniga zid bo`lgan aqidaparastlik g`oyalari uning ongu shuurini zaharlaydi.

2016 yilning oktyabr oyida Rossiya Federasiyasidan O`zbekistonga qaytib kelganidan keyin ham u Nusratullo bilan muntazam aloqa qilib, tegishli ko`rsatmalar olib turadi.

2017 yilning aprel oyida Sherzod Anvarov “Toshkent – Istanbul” aviareysi orqali Turkiyaga boradi.

Turkiyada u “Telegram” tarmog`i orqali Nusratullo bilan bog`lanadi. Nusratullo esa unga qirg`izistonlik Abdullo ismli shaxsning Istanbul shahri Yanikapiy mavzesidagi uyiga borishi lozimligini aytadi va Sherzod o`sha xonadonga boradi. Abdullo esa uni Eron orqali Afg`onistonga yuborish uchun zarur hujjatlarni tayyorlaydi.

2017 yilning may oyida Tehron shahriga borganida Sh.Anvarovni Omonullo ismli shaxs kutib oladi va unga Muhammad Anvar Nabiy ism-sharfi bilan soxta hujjat tayyorlanishini, Afg`onistonga ketish vaqtida o`zini soqov qilib ko`rsatib, hech kim bilan gaplashmasdan ketishini tayinlaydi.

Bir guruh qochoqlar bilan birga Sherzod Anvarov go`yo afg`on fuqarosi sifatida Afg`onistonga o`tganida, ularni “Islom davlati” xalqaro terroristik tashkilotining Shimoliy Xurosondagi amirlari kutib oladi.

Ta`kidlash lozimki, Sherzod Anvarov “Islom Davlati - Xuroson viloyati” terroristik guruhi jangarilari safida qurolli harakatlarda qatnashib, qo`li qonga botadi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Afg`oniston maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda olib borgan say`-harakatlari tufayli Sherzod Anvarovning qabih ishlariga chek qo`yildi va 2018 yilning noyabr oyida u O`zbekistonga qaytarildi.

Endigina 25 yoshni qarshilagan Sherzod Anvarovning qilmishi Jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand shahar sudida atroflicha ko`rib chiqildi va Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga muvofiq, u 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Sherzod Anvarov kabi yoshlarimizning internet tarmog`i orqali ekstremistik oqimlar yoki terroristik tashkilotlar ta`siriga tushib qolib, tinch-osoyishta vatanni tashlab, ota-ona bag`rini huvullatib, urush o`choqlariga borishlari va achchiq qismatga giriftor bo`lishlari, umid qilamizki boshqalarga saboq bo`ladi.

Manba:O`zA

    Boshqa yangiliklar