Ijtimoiy tarmoqlarda Farg`onada “Mast xodim” reydidan qochgan IIB inspektori ayolni xizmat mashinasida urib o`ldirganligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Xo`sh, bu qanchalar asosli? Viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatining mazkur holat yuzasidan munosabati e`lon qilindi
Internetda “Mast xodim” reydidan qochgan IIB inspektori ayolni xizmat mashinasida urib o`ldirdi” nomli xabar paydo bo`lgan va unda YTH sababchisi deya ko`rilayotgan A.E qoni tekshirilganda oz miqdorda alkogolli ichimlik iste`mol qilgani yuzaga chiqqan deyiladi.
Ammo o`tkazilgan maxsus tekshiruvga ko`ra, o`sha 25 sentyabr kuni soat 20:30larda sodir bo`lgan voqea paytida profilaktika inspektori A.E mutlaqo mast holatda bo`lmagan. Buni Farg`ona shahar narkologiya dispanserining 25.09.2019 yildagi (raqamlangan) xulosasi isbotlab turibdi. A.E “IIB ichki xavfsizlik xizmati spirtli ichimlik ichgan xodimlarni aniqlash maqsadida o`tkazgan reyd davomida qo`lga tushib qolishdan qochayotgan paytda urib yuborgan”ligi ham hech qanday asosga ega emas. O`sha kuni xodimlar uchun hech qanday reyd tadbirlari o`tkazilmagan. Xodim xizmat avtomashinasida emas o`zining shaxsiy “Matiz” rusumli avtomobilida hushyor holda bo`lgan. Hodisa ro`y bergan kuni A.E. avtomashinani Farg`ona shahar S.Temur ko`chasidan A.Navoiy ko`chasi tomonga boshqarib ketayotib, shu ko`chada joylashgan “Shox” kafesi ro`parasiga etgan vaqtida to`satdan avtomashina oldiga chiqib qolgan. Natijada 1972 yilda tug`ilgan fuqaro Karimaxon Hoshimovani urib yuborib, yo`l-transport hodisasi sodir etgan (Jabrlanuvchining ism-sharfi, yoshi ham to`g`ri yozilmagan) Og`ir tan jarohati olgan ayolni A.E.ning o`zi Farg`ona shahridagi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga olib borgan vaqtda vafot etgan.
Mazkur holat bo`yicha voqea joyida olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida voqeani guvohi bo`lgan fuqarolar A.N, D.M, Sh.O, U.R, ma`lum qilishicha, (guvohlarning shaxsiy ma`lumotlari bor) YTHga uchragan ayolni dastlab yo`lning qarama-qarshi tomonidan harakatlanib kelgan “Neksiya” rusumli avtomashina urib yuborganligi, undan keyin ushbu ayol “Matiz” avtomashinasiga borib urilganligini bildirishdi. “Neksiya” rusumli avtomashinani ushlash choralari ham ko`rilgan.
Ayni paytda O`zbekiston tumani IIB profilaktika inspektori, katta leytenant A.E.ga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Albatta kelgusida yuqoridagi holatga qonuniy baho beriladi.