AsosiyJamiyat

Jizzaxlik maktab o`quvchilari Xalqaro sport festivalida 3-o`rinni qo`lga kiritdi

'Jizzaxlik maktab o`quvchilari Xalqaro sport festivalida 3-o`rinni qo`lga kiritdi'ning rasmi

Joriy yilning 4-10 oktyabr kunlari Rossiya Federasiyasining Qozon shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga a`zo davlatlarning o`quvchi-yoshlari o`rtasida o`tkazilgan “VII Xalqaro maktab sporti festivali” bo`lib o`tdi. Unda 11 mamlakatdan kelgan terma jamoalar tarkibidagi 483 nafar o`quvchilar qatnashdi.

Sport festivalida O`zbekiston, Armaniston, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Ukraina, Turkmaniston, Belorussiya, Moldova, Qozog`iston hamda Qirg`iziston davlatlari maktab o`quvchilari sportning badminton, basketbol, voleybol, mini-futbol, stol tennisi, shaxmat hamda mini suv polosi turlaridan bellashdilar.

O`zbekiston sharafini himoya qilgan, 2018 yil umumiy o`rta ta`lim maktablarining yuqori sinf o`quvchilari o`rtasida o`tkazilgan “Yoshlik sport jamoalari” sport musobaqalarida g`olib bo`lgan Jizzax viloyati Zarbdor tumani 2-, 3-, 9- maktab o`quvchilaridan shakllantirilgan 8 nafar sportchi qizlar  ushbu festivalda sportning voleybol turi bo`yicha faxrli uchinchi o`rinni qo`lga kiritdi, deya xabar beradi Xalq ta`limi vazirligi Axborot xizmati.

Tatariston Respublikasi Sport vazirligi matbuot xizmati bergan ma`lumotga ko`ra, musobaqalardan so`ng sportchilar Qozonning diqqatga sazovor joylariga sayohat qildi. So`ngra Taniqli sportchilar haqidagi film namoyishi va mahorat darslarida ishtirok etishga muvaffaq bo`ldi.

 

    Boshqa yangiliklar