41

Bosh prokuratura Farg`onada sodir etilgan "samosud" holati yuzasidan bayonot berdi

Jinoyat 10.10.2019, 22:36
210
Bosh prokuratura Farg`onada sodir etilgan "samosud" holati yuzasidan bayonot berdi

O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Farg`onada sodir etilgan "samosud" holati yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

2019 yil 01 oktyabr kuni soat 06-30 larda Axmadjon N. (1991 y.t.) tanishi Avaz X. (1968 y.t.) bilan uchrashib, o`zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-taroj qilish maqsadida oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo`lib, fuqaro Alijon T.ga tegishli bo`lgan xonadonga yuzlariga niqob, maxsus temir seyflarni ochishga mo`ljallangan qo`lbola usulda tayyorlangan temir moslama bilan qurollanib, yashirin ravishda kirib, uyda bo`lgan temir seyfni eshigini qayirib ochib, seyf ichida bo`lgan 12.500.000 so`m pullarni yashirin ravishda talon taroj qilib, xona ichida bo`lgan yostiq jildga pullarni solib, xonadon hovlisini o`ragan devor orqali chiqib ketayotgan vaqtida xonadonda bo`lgan Alijon T.ni turmush o`rtog`i Odina T. ularni ko`rib qolgan va baland ovozda baqirib, o`zining qo`shnilaridan yordam so`ragan. 

Axmadjon N. va uning jinoiy sherigi xonadon devoridan oshib, ko`chaga tushib qochib ketishgan. 

Odina T.ni yordam so`rab baqirgan ovozini uning qo`shnilari eshitib, xonadonga kirishgan hamda Axmadjon N. va Avaz X. larni o`g`irlik sodir etib, xonadondan qochib ketishganligidan xabardor bo`lib, ularni ushlash uchun hozirda tergov davomida shaxslarini to`liq aniqlash imkoni bo`lmagan boshqa qo`ni-qo`shnilari  bilan birga ularni ortidan quvlab, Oltiqush qishlog`ida joylashgan “Sultonboy” bog`dorchilik fermer xo`jaligi er maydoni hududida ushlab olishgan va xonadon egasi “Mastona” bozorida ehtiyot qismlar savdosi bilan shug`ullanib turgan Alijon T.ga bu haqida xabar berishgan. 

Alijon T. yashash xonadonida o`g`irlik sodir etilganligi va jinoyatni sodir etgan shaxslar qo`lga tushganligini bilib, zudlik bilan “Sultonboy” bog`dorchilik fermer xo`jaligi er maydoniga qarindoshi bilan birgalikda etib kelib, uning qarindoshi jinoyatni sodir etgan Avaz X.ni yuziga urib, o`zlari bilan olib kelgan arqon yordamida uni bo`ynidan bog`lab, o`sha joydagi terak daraxtiga bog`lab qo`ygan. 

Axmadjon N.ni esa o`sha erga to`plangan hozirda tergov harakatlari davomida shaxsini aniqlash imkoni bo`lmagan mahalla fuqarolari urib, ushbu holatni o`zlarida bo`lgan telefonga video tasvirga olishgan. Mazkur videotasvirlar internetning “Telegram” kanallari orqali tarqatib yuborilgan. 

O`tkazilgan tergov harakatlari davomida Axmadjon N. va uning jinoiy sherigi Avaz X.lar tomonidan yashirin ravishda o`g`irlangan 12.500.000 so`m pullar, mazkur pul solingan 1 dona yostiq jildi, 1 dona nikob, 1 dona temir seyni ochishda foydalanilgan qo`lbola temir moslama ashyoviy dalil tariqasida olingan. 

Mazkur holat yuzasidan 01.10.2019 yil kuni Dang`ara tumani IIB TB tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. 

Gumonlanuvchi Axmadjon N. va Avaz X.lar olgan tan jarohatlari yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza ko`rigidan o`tkazilgan.

Ular o`z ko`rsatmalarida Alijon T. ni xonadonida sodir etgan o`g`irlik holatiga to`liq iqror bo`lishgan va sodir etgan qilmishidan pushaymonligini, ularga tan jaroxati etkazgan shaxslarga nisbatan hech qanday da`volari yo`qligini, bu holat o`zlarining ayblari bilan sodir bo`lganligini bildirishgan.

Gumonlanuvchi Avaz X. muqaddam 2 marotaba sudlanganligini hisobga olgan holda 04.10.2019 yilda prosessual tartibida ushlangan va 05.10.2019 yilda unga JKning 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e`lon qilinib, “Qamoq” ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

Hozirda jinoyat ishi bo`yicha tergov harakatlari davom ettirilib, gumonlanuvchi Axmadjon N. va Avaz X.larga tan jaroxati etkazgan shaxslarni aniqlash va ularning harakatlariga qonuniy baho berish choralari ko`rilmoqda.

Комментарии