Му5
46

O`zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ilk bor to`la huquqli a`zo sifatida ishtirok etdi

Siyosat 15.10.2019, 20:05
271
O`zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ilk bor to`la huquqli a`zo sifatida ishtirok etdi

Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida 15 oktyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining ettinchi sammiti bo`lib o`tdi.

Unda mazkur tashkilotga a`zo mamlakatlar rahbarlari – O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliev, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an, Qirg`iz Respublikasi Prezidenti Sooronboy Jeenbekov, Qozog`iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboev ishtirok etdi. Kuzatuvchi mamlakat sifatida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, shuningdek, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o`rinbosari Purli Agamurodov anjumanda qatnashdi.

Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ilk bor to`la huquqli a`zo sifatida ishtirok etdi. Mamlakatimiz ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga joriy yilda qo`shildi.

Shavkat Mirziyoev tashqi siyosatda asosiy maqsad, asosiy prinsip O`zbekiston manfaati va yana bir bor O`zbekiston manfaati ekanini doim ta`kidlaydi. Davlatimiz ana shu qat`iy tamoyillar asosida ochiq, do`stona va pragmatik siyosat olib bormoqda. Buning natijasida keyingi yillarda O`zbekistonning do`stlari, xayrixohlari ko`paydi. Qo`shni, yaqin va uzoq mamlakatlar bilan mutlaqo yangi – sog`lom siyosiy va iqtisodiy aloqalar yo`lga qo`yildi. Xalqaro hamkorlikning yangi yo`nalishlari, yangi mexanizmlari joriy etilmoqda.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi ana shunday yangi platformalardan biridir. Bu tashkilot 2009 yil 3 oktyabrda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida tuzilgan bo`lib, dastlab unga Turkiya, Ozarbayjon, Qozog`iston va Qirg`iziston a`zo edi.

Keyingi yillarda mazkur davlatlar bilan aloqalar mustahkamlandi. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirildi.

Prezidentimiz 2018 yil 3 sentyabr kuni Qirg`izistonning Cho`lponota shahrida bo`lib o`tgan sammitda faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. Joriy yil 5 oktyabrda Toshkentda Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi majlisi hamda Investisiya forumi o`tkazildi.

Aloqalar bunday faol rivojlanar ekan, buni huquqiy jihatdan mustahkamlash ham zarur edi. Joriy yil 14 sentyabrda O`zbekiston Respublikasi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to`g`risidagi Naxichevan bitimini ratifikasiya qildi.

Bu tashkilotning asosiy maqsadi qardosh mamlakatlar o`rtasida ishonch va aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiyot, transport, energetika, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta`minlash borasidagi sa`y-harakatlarni muvofiqlashtirishdir.

O`zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga qo`shilishini barcha a`zo mamlakatlar mamnuniyat bilan qabul qildi. Rasmiy shaxslar, ekspertlar xalqimizning turkiylar tarixidagi o`rni, bugungi salohiyati va ahamiyatini e`tirof etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev sammitda so`zlagan nutqida O`zbekistonning tashkilotga a`zo bo`lishi, hech shubhasiz, tabiiy va tarixiy jarayonlar ifodasi ekanini ta`kidladi. Yurtimiz zaminida umumiy tariximizning shonli sahifalari bitilgani, jahon ilm-fani va madaniyatiga unutilmas hissa qo`shgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg`oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug`bek kabi mutafakkirlar, muqaddas dinimiz tarixida o`chmas iz qoldirgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband singari buyuk allomalar, turkiy dunyoni qalam bilan birlashtirgan Alisher Navoiy singari ulug` shoirlar nafaqat o`zbek xalqi, balki barchaning faxru iftixori ekanini qayd etdi.

– Turkiy Kengashga a`zolik xalqimizning tub manfaatlariga to`la javob beradi. Bugungi kunda o`rtamizda nafaqat madaniy-ma`naviy aloqalar, balki savdo-iqtisodiy munosabatlar ham yangi bosqichga ko`tarilmoqda. Oxirgi uch yilda davlatlarimizning o`zaro savdo hajmi salkam ikki barobarga oshdi, mingdan ortiq yangi qo`shma shirkatlar ochildi. Transport qatnovlari kengaymoqda, vizasiz tartib asosida turistlar oqimi tobora ko`paymoqda, xalqlarimizning qardoshlik rishtalari mustahkamlanmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Шарҳлар