Му5
46

Omonatga xiyonat (Feleton)

Mutolaa 18.10.2019, 18:04
Теглар: feleton, karikatura, darvoza
815
Omonatga xiyonat (Feleton)

Kattagina korxonada o`g`irlik avj olib ketibdi. Har kuni u yoki bu narsa yo`q bo`lib qolaveribdi. O`g`rilar uni devordan olib chiqib ketishayotgan bo`lishlari mumkin, deb o`ylab, nazoratni kuchaytirishibdi. Ammo har qancha urinishsa ham birorta o`g`rini tuta olishmapti. Odamqo`yib tunlari ham kuzatishibdi. Biroq bundan ham natija chiqmapti.

 - Xo`sh, yo`qolgan narsalarni kim, qachon va qaerdan olib chiqib ketmoqda? Axir, ularni darvozadan olib chiqib ketayotgan bo`lishlari ham mumkin-ku, - deb o`ylabdi va xuddi shu masalaga oydinlik kiritish maqsadida korxona egasi  darvozabonni so`roqqa tutibdi:

 - Bu korxonada o`g`irlikka qachon chek qo`yiladi? Men senga nega maosh to`layapman?

- Menda nima ayb, xo`jayin? Darvozani tashlab ketolmasam, korxona maydoni katta bo`lsa, ilojim qancha?

 - Menga qara, har kuni korxonaga nechta mashina kirib chiqadi?

- Aniq sanamaganman-u, taxminimcha o`ttiz-qirqtacha bor. 

- Ana shularni yaxshilab tekshir! Yukxonasidan tortib, to o`rindiqlarining ostigacha ko`rib, keyin darvozadan chiqar. Agar biror narsani beso`roq olib chiqib ketayotgan bo`lsa, kimligidan qat`iy nazar, darhol darvozani mahkam berkitib, menga qo`ng`iroq qil.

 - Xo`jayin, bu erga mashinada kirib chiqadiganlarning hammasi ham o`zingizning ishongan odamlaringiz-ku! Shunday bo`lgach, mashinalarini tintuv qilsam qanday bo`larkin!

- Qo`rqmay tintiyver! Faqat bu mening topshirig`im ekanligini gullab qo`yma. Agar o`g`rilarni tutib bersang, har biri uchun naqd yuz ming so`mdan mukofot olasan.

 - O, rahmat, xo`jayin! Qani endi omadim yurishib o`g`rilar kundan kunga oshib ketaversayu, men ularni ushlab mukofotiga yuz ming so`mdan qurtdek qilib sanab olaversam. 

- He nafasingni el o`chirsin! Bor, aytganimni qil.

Xo`jayin o`ylab topgan tadbiridan mamnun holda o`z-o`zicha “Mana endi o`g`irlikka chek qo`yiladi. Bu yaramas ishga qo`l urayotganlarning  sharmandasini chiqaraman” deb xotirjam uyiga ketdi. O`z navbatida darvozabonning ham quvonchi ichiga sig`masdi. Buning boisi uning birinchi o`g`ri bilan yuzma-yuz kelganidayoq ma`lum bo`ldi. 

Mashina  yaqinlashgach, kutilmaganda darvozabon uni to`xtatib, mashinani tekshirishini aytganida haydovchi taajjubga tushdi:

- Ha, nima bo`ldi, tinchlikmi?

- Men o`g`rilarni tutib berishim kerak. Har bir o`g`rini tutganim uchun bugundan boshlab yuz ming so`mdan mukofotim bor. Xo`jayin shunga va`da bergan.

 - Axir, men ham har bir ish uchun senga yuz ming so`mdan berib turibman-ku!

- To`g`ri, lekin men shu pulni o`g`irlik uchun emas, o`g`rini tutib berganim uchun olganim yaxshi-da! Halol bo`ladi.

 - Qo`y, gapni cho`zavermay, indallosini ayt. Tag`in bitti-yarimta kelib qolmasidan bu erdan juftakni rostlab qolay.

 - Ikki yuz ming!

- Voy-bo`y, esing joyidami? Birdaniga yuz foizga oshirasanmi, noinsof, haromxo`r!

 - Kim haromxo`r, kim insofsiz? Mana, mashinangda tayyor daliliy ashyo turibdi. Hozir xo`jayinni chaqirsam tezda etib kelib, kim haromxo`ru kim noinsofligini aytib beradi.

Darvozabon shunday deyatelefon  raqamini tera boshlagan edi, o`g`ri uning qo`lidan tutib to`xtatdi.

- Bo`ldi, galvars, men rozi!

 - Bu boshqa gap! Qani, cho`z aytganimni!

O`g`rilardan har kuni yuz ming so`mdan olib turgan darvozabon bugun boshlamasiga ikki yuz ming so`mni qurtdek qilib sanab olgach,  haydovchining qulog`iga boshini engashtirib:

- Darvoza haqi oshganini boshqalarga ham aytib qo`y. Tayyorlanib, keyin bu erga kelishsin, – dedi-dadarvozani kattakon qilib ochib qo`ydi.

Murod Kalonxon

Rassom: Husan Sodiqov.

 

Шарҳлар