Му5
46

Yakkabog`lik sobiq hokim o`rinbosari va uni yoqib yuborgan tadbirkorga sud hukmi o`qildi

Jinoyat 18.10.2019, 18:34
393
Yakkabog`lik sobiq hokim o`rinbosari va uni yoqib yuborgan tadbirkorga sud hukmi o`qildi

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidovning xabariga ko`ra, bugun, 18 oktyabr kuni, jinoyat ishlari bo`yicha Chiroqchi tuman sudida sudlanuvchilar Bahriddin Isamov (1963 yilda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog` tumanida tug`ilgan, millati - o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti – o`rta-maxsus, oilali, “Hisor sarlochin” MChJ da ishchi bo`lib ishlagan) va Mansur Tuymaev (1976 yilda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog` tumanida tug`ilgan, millati - o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti - oliy, oilali, Yakkabog` tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikasiyalar va kommunal xo`jalik masalalari bo`yicha o`rinbosari vazifasida ishlagan) ga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni nihoyasiga etdi va sud hukmi e`lon qilindi.

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo`yicha Chiroqchi tuman sudi raisi Lutfulla Mamarajabov raisligida ko`rib chiqildi.

E`lon qilingan sud hukmiga ko`ra,

B. Isamov O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,98-moddasi (kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o`ldirishga suiqasd qilish) da tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga shu modda bilan 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Ehtiyot chorasi sifatida 2019 yil 21 iyuldan 2019 yil 29 avgustga qadar 1 oy 8 kun qamoqda o`tirgan kunlari tayinlangan jazodan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 62-moddasi (dastlabki qamoq vaqtini hisobga olish qoidalari) ga asosan chegirilib, qat`iy o`tash uchun 1 yil 10 oy 22 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.

M. Tuymaev O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192-1-moddasi (xususiy mulk huquqini buzish) 3-qismi “a” bandi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda eng kam oylik ish haqining 510 baravari miqdorida ya`ni, 103 392 300 so`m jarima jazosi tayinlandi. Jarimani davlat foydasiga undirish belgilandi. M. Tuymaevning jinoiy harakatlari oqibatida 61 ta tadbirkor va 30 ta fuqaroga etkazilgan moddiy zararni to`liq qoplab berish majburiyati Yakkabog` tuman hokimligi zimmasiga yuklatildi.

Mazkur jinoiy ish bo`yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.

Шарҳлар