Bosh prokuratura bergan ma`lumotlarga ko`ra, tadbirkorlarga imkoniyat yaratish, muammolari bo`yicha amaliy yordam ko`rsatish maqsadida Jizzax viloyati prokuraturasining tashabbusi bilan haftaning har juma kuni viloyat hamda barcha tuman va shahar prokuraturalarida soat 10:00dan 13:00ga qadar “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.
Mazkur qabullar tashkil etilganidan buyon viloyat prokuraturasi organlariga qisqa fursat ichida tadbirkorlik sub`ektlaridan jami 19 ta murojaatlar kelib tushgan. Shundan, 17 tasi qanoatlantirilgan bo`lsa, 2 tasi yuzasidan qonuniy tushuntirishlar berilgan.
Ma`lumot uchun: Qanoatlantirilgan murojaatlarning 9 tasi elektr tarmog`iga ulanish, 6 tasi o`rta bosimli gaz tarmog`iga ulanish, 1 tasi o`zboshimchalik bilan qurib olingan qurilmani buzib tashlash hamda 1 tasi O`zbekiston Respublikasi hududida tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarishga investisiya kiritish masalalariga oiddir.
Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan bu boradagi tadbirlar davom etmoqda.