Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “G`ishtko`prik” chegara bojxona postiga qo`shni davlatdan kirib kelgan fuqaro A.S. ning xatti-harakatlari bojxonachilar e`tiborini tortdi va ushbu shaxs belgilangan tartibda nazoratdan o`tkazildi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Natijada, fuqaro A.S. qo`l sumkalarining turli burchaklariga zarqog`ozga o`rab joylashtirib, umumiy qiymati 38,5 million so`mlik 1924,62 gramm kumushdan yasalgan zargarlik buyumlarini yashirincha olib o`tishga uringani aniqlandi.
Yana bir holat “G`ishtko`prik” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan aniqlandi. Ushbu postga piyoda holda kirib kelgan fuqaro B.G. ning qo`l yuklari bojxona ko`rigidan o`tkazilganida, yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan va og`zaki so`rovda aytilmagan, umumiy qiymati 3,3 million so`mlik, og`irligi 109 gramm bo`lgan kumush va tilladan yasalgan zargarlik buyumlarini yashirincha olib kirayotgani aniqlandi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.