Joriy yilning 14 sentyabr kuni xabar.uz telegram kanalida Qo`shko`pir tumanidagi 2007 yilda foydalanishga topshiriladigan 315 o`ringa mo`ljallangan maktabda (raqami keltirilmagan) 520 ta o`quvchi 2 smenada sig`ishib o`qiyotgani qattiq tanqid qilindi. Joriy yilda kollejlar qisqartirilgani sabab 10-11 sinf o`quvchilari qo`shilishi tufayli 3 smenada tashkillashtirish rejalashtirilayotgani ma`lum qilingan.Hattoki avvallari o`z binosi bo`lmagani sabab “Paxtakor” fuqarolar yig`ini mutasaddilari ham maktab sport zalining bir burchagida faoliyat olib borgani aytiladi. Shuningdek, maktabga toza ichimlik suvi ulanmagani ta`kidlangan.
Ushbu holat Xalq ta`limi vazirligi tomonidan o`rganildi.
Unga ko`ra, tanqid qilingan maktab Qo`shko`pir tumanidagi 34-son maktab ekanligi aniqlandi. Maktab 320 o`ringa mo`ljallangan bo`lib, bugungi kunda 552 nafar o`quvchi ta`lim –tarbiya olmoqda. Viloyat xalq ta`limi boshqarmasining ma`lum qilishicha, bu 1.7 navbatchilik koeffisentini tashkil qiladi.
Ammo, bugungi kunda maktabda o`qish 2 smenada tashkil qilingan. Filtrlangan toza ichimlik suviga esa 2018 yilda ulangan.
Shuningdek, “Paxtakor” fuqarolar yig`ini mutasaddilari joriy yilning avgust oyida maktabdan chiqarilgani ma`lum qilinmoqda.