Му5
50

Amir Temurni Chexiyada qanday tasavvur qilishgan?

Moziydan sado 25.10.2019, 11:59
1220
Amir Temurni Chexiyada qanday tasavvur qilishgan?

Ma`lumki, Sohibqiron Amir Temurning nomi asrlar mobaynida Sharqu G`arbda buyuklik, toj-taxt, saltanat timsoli bo`lib keladi. U haqda juda ko`p tarixiy, ilmiy va badiiy asarlar yaratilgan. Xususan, G`arbda yaratilgan ko`plab asarlarda Amir Temur shaxsiyatiga berilgan haqqoniy va xolisona bahoni ko`rish mumkin. Shu bilan birga ba`zi asarlarda uning nomi afsona va rivoyatlarga qorishgan holatda aks ettiriladi. 

                                 Sohibqiron dovrug`ining aks-sadosi

Amir Temur haqida Evropada bitilgan tarixiy asarlardan biri chex tilidagi “Hystorya o Tamerlánowi Králi Tatarském” (Tatar podshosi Amir Temur tarixi) kitobidir. Asar dastlab italyan yozuvchisi Petro Perondino tomonidan lotin tilida yozilgan bo`lib, “Buyuk hukmdor Amir Temurning hayoti” (Magni Tamerlanis Scytherum Imperatoris Vita) deb nomlangan. U ilk bor 1553 yilda Florensiyada nashr etilgan. 

Uni chex tiliga Bartolomey Maser tarjima qilgan. Bugungi kunda ushbu nashrning to`liq nusxasi Chexiya Milliy kutubxonasida saqlanadi. Kitob muqovasiga ishlangan suvrat ham Amir Temurga tegishli emas. Aniqlanishicha, unda ancha avval chop etilgan kitob muqovasidagi eski rasm – chex qirollaridan birining tasviridan foydalanilgan. 

Chex tilidagi tarjima asliyatidan ancha farq qiladi. Biroq asardagi juda ko`p ma`lumotlar Amur Temur shaxsiyati, uning hayotiga oid haqiqatlarga to`g`ri kelmaydi. Kitobda aytilishicha, sarkarda 1353 yilda Marokand (Samarqand nazarda tutilgan bo`lsa kerak) yaqinida tug`ilgan. Uning otasi shu atrofdagi o`rmonlarda cho`ponlik qilgan. Temur ilohiy kuchlar ta`sirida qashshoqlik va boshqa qiyinchiliklarni engib, ko`plab Sharq mamlakatlari hukmdoriga aylanadi. Uning boshchiligida Samarqand Sharqning eng go`zal shahriga aylanadi, dunyoning katta boyliklari u erga oqib borgan. 

“Yuz million qo`shinga ega bo`lgan”

Ushbu asarda Amir Temurning turk sultoni sulton Boyazid bilan jangi, Evropa hukmdorlari bilan do`stona aloqalari haqida so`z yuritiladi. Muallif uning muvaffaqiyatli harbiy yutuqlarini alohida ta`kidlab o`tadi. Shu bilan birga uning yonida bo`lgan yaqinlari va do`stlarini hech qachon unutmagan. Temur erishgan yutuqlari tufayli tez orada «Baxtli qilich» (skiflar tilida Temirus Guthlus) deb nom olgan. Keyinchalik u oqsoqligi sabab, raqiblari tomonidan Temurlang deb ataladi. Bu nom keyinchalik Evropada Tamerlan atamasi kelib chiqishiga sababbo`lgan. 

O`sha paytlarda Evropada usmoniylarga bo`lgan qo`rquv orta boshlagandi, shu bois Vizantiya imperatori Emmanuel Boyazidga qarshi kurashda Amir Temurdan yordam so`raydi, o`sha davrda “u yuz millionga yaqin piyoda va otliqlarga ega edi”. 

Kitobda yozilishicha, sarkardaning turmush o`rtog`i baqtriyalik hukmdorning qizi bo`lgan va u ikkita o`g`il — Assenbek va Usunkasonlarni tug`ib bergan. Sarkarda 1402 yil 27 yanvarda 50 yoshida nafas qisishidan vafot etgan. Uning o`limini o`sha kunlarda ufqda paydo bo`lgan kometa bashorat qilgan.

Temurning o`g`illaridan hech biri otasining ajoyib xususiyatlarini meros qilib olmaganligi taassuf bilan eslanadi. O`g`illari otasining vafotida bir-biriga qarshi jang boshlagan, bundan foydalangan tobe mamlakatlar  isyon ko`tarib ozodlikka chiqqan. Ikkala o`g`il zurriyotsiz vafot etib ketgan va saltanat tarqalib ketgan. Ushbu ma`lumotni Maser qaerdan olganligi sir bo`lib qolmoqda (lotin tilidagi nusxasida bunday ma`lumot yo`q).

                                 Aslida hammasi boshqacharoq edi

Albatta, ko`rinib turibdiki, Amir Temur haqidagi ma`lumotlar bu kitobda biroz boshqacharoq ko`rinishda berilgan. Aslida Sohibqiron 1336 yil 9 aprel kuni Shahrisabz yaqinidagi Xo`ja Ilg`or qishlog`ida tug`ilgan. Uning otasi turkiylarning barlos urug`i beklaridan biri edi. 

U o`z saltanatini islom ahkomlari asosida barpo etdi. Imkon darajasida barcha qo`l ostidagi mulklarni shariat arkonlari asosida boshqarishga harakat qildi. Uning juda ko`p ayollari, o`g`il qizlari bo`lgan. Manbalarda uning Umarshayx, Jahongir, Mironshoh, Shohrux ismli o`g`illari bo`lgan. 

Kitobda tilga olingan “Amir Temur va Assenbek” aslida bir kishi — Oqqo`yunlilar hukmdori Uzun Hasanning Evropada tarqalgan ismlaridir. O`z davrida Uzun Hasan o`zini temuriylardan deb e`lon qilgan. Shu bois chexiyalik tarjimon ham Uzun Hasanni Amir Temurning o`g`li deb o`ylagan bo`lishi mumkin. Amir Temurning “yuz million qo`shin”ga ega bo`lishi ham shunchaki mubolag`a. Chunki hali dunyo tarixida bunday ulkan armiyaga hech bir saltanat ega chiqolmagan. 

Amir Temurning avlodlaridan hech kim qolmagani haqidagi xabarlar ham noto`g`ri. Chunki uning eng so`nggi avlodlari 1858 yilgacha Hindistonda hukmronlik qilishgan. 

Mazkur kitob tarixiy xatolardan xoli bo`lmasa-da, u o`rta asrlarda Evropada Amir Temur haqidagi tarqalgan qarashlarni o`rganishda katta ahamiyat kasb etadi. Nima bo`lganda ham, bu paytda Amir Temur G`arbda adolat, tenglik va hukmronlikning barqaror timsoliga ega bo`lib ulgurgan edi. 

Шарҳлар