13

“Avloniy”: dekorasiya uchun 3 ta vokzal, 2 ta 14 metrli poezd, bitta paroxod qurildi

Madaniyat 13.11.2019, 10:06
Теглар: Avloniy
769
“Avloniy”: dekorasiya uchun 3 ta vokzal, 2 ta 14 metrli poezd, bitta paroxod qurildi

 

“O`zbekkino” milliy agentligining buyurtmasiga binonan, jadidchilik harakatining namoyandalaridan biri Abdulla Avloniy tavalludining 140 yilligi munosabati bilan “Avloniy” to`liq metrajli filmini suratga oldi. 

Film voqealariga Tohir Malikning “Qaldirg`och” asari motivi asos qilib olingan.

Kartinada Abdulla Avloniyning 1919 yilda Afg`onistonga qilgan diplomatik safari haqida hikoya qilinadi. 

Kinoasarda Abdulla Avloniy roli Xorazm teatri aktyori Alisher Yo`ldoshevga ishonib topshirildi va yana mahoratli aktyorlardan Matyoqub Matchonov, Muhammadali Abduqunduzov, Abror Yo`ldoshev, Javohir Zokirovlar filmning professional chiqishiga yordam berishdi.

Filmni suratga olish ishlari aprel oyida boshlanib, avgust oyida nihoyasiga etdi. Syomka jarayonlari Xorazm, Qoraqalpog`iston Qo`qon hududlarida bo`lib o`tdi. Ijodiy guruh katta mas`uliyatni his qilib, keng qamrovda ishlashdi. 

Xususan, 20 dan ziyod dekorasiya: jumladan, 3 ta vokzal, 2 ta 14 metrli poezd, bitta paraxod qurildi, 500dan ziyod kostyum tikildi. 

“Film ijodkorlarining asosiy maqsadi Abdulla Avloniy obrazi timsolida o`sha davrda yashab, faoliyat yuritgan, millat va yurt uchun kurashgan ziyolilarning hayotini ko`rsatish va bu orqali bugungi kun yoshlarida millatga bo`lgan muhabbat, ajdodlarga nisbatan faxr va g`urur tuyg`ularini shakllantirishdan iborat”, deydi film rejissyori Muzaffar Erkinov. 

Abdulla Avloniy – shoir, dramaturg, murabbiy, ilk darsliklar muallifi, o`zbek teatrining asoschilaridan biri, “Turon“ teatr truppasi tuzuvchisi, Turkistonning Afg`onistondagi birinchi muxtor elchisi va mamlakat rivoji uchun ulkan hissa qo`shgan siyosat arbobi hamda jo`shqin qalbli ijodkor ham. 

Mana shunday xalqparvar, yurtimizning yuksalishiga, taraqqiy etishiga va madaniyatimizda ulkan iz qoldirgan ajdodimizni tomoshabinga ko`rsatish, uning qalbida vatanga sadoqat, insonparvarlik tuyg`ularini singdirish va har bir ko`ruvchiga mana shunday ajdodlarga munosib bo`lish – filmning bosh g`oyasi. 

Filmning premerasi 6 dekabrda bo`lishi kutilmoqda. 

 

Шарҳлар