Му5
50

"O`zbekkino" bosh direktori Firdavs Abduxoliqovning yosh kinoijodkorlarga murojaati

Madaniyat 14.11.2019, 17:31
416
"O`zbekkino" bosh direktori Firdavs Abduxoliqovning yosh kinoijodkorlarga murojaati

Yaqinda “Milliy kino va yosh ijodkorlar” mavzusidagi ijodiy anjumanda "O`zbekkino" Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov yosh kinoijodkorlarga murojaat qildi. Murojaatni to`liq holda keltiramiz:

"Assalomu alaykum hurmatli kinoijodkorlar!  

Barchangizga ma`lumki, muhtaram Prezidentimiz tomonidan bugungi kunda kino sohasiga juda katta e`tibor qaratilib, har tomonlama keng imkoniyatlar yaratilib berilmoqda. Bu esa biz kinoijodkorlarning zimmasiga juda katta mas`uliyatni yuklagan holda, o`zimizga bo`lgan ishonchni ham kuchaytiradi. Mamlakatimiz rahbari tomonidan berilayotgan bunday e`tibor va ishonchni oqlash Siz va bizning asosiy vazifamizdir.  

Avvalo, kinematografiya sohasida faoliyat olib borayotgan keksa avlod vakillariga, ustozlarga ehtirom izhor etgan holda, “Ustoz-shogird” an`analariga binoan yosh kinoijodkorlarga o`z tajribalarini etkazishlarini, ularga yaratilayotgan imkoniyatlar uchun keng yo`l ochib berilayotganini e`tirof etishlarini istardim.  

Bugun “O`zbekkino” Milliy agentligida  o`tkazilgan “Milliy kino va yosh ijodkorlar” mavzusidagi ijodiy anjuman ham o`ylaymanki, yoshlarimiz uchun ayni muddao bo`ldi. Ularga bu tadbir “ochiq mikrofon” bo`lib xizmat qilganiga shubha yo`q. Yosh kinoijodkorlar o`zlarini qiynayotgan muammolar, takliflar va mulohazalar bo`yicha barcha fikrlarini bayon etishdi. Biz albatta yoshlarimizning takliflarini va muammolarini to`g`ri anglagan holda, har taraflama yordam berishga, ularni qo`llab-quvvatlashga tayyormiz!  

Agar biz ularni yanada ko`proq  qo`llab-quvvatlasak, muammolarini o`rgansak va hal qilishda yordam bersak, ularni birlashtirsak, iste`dodlarini namoyon etishlari uchun imkoniyatlar yaratsak, yoshlarimiz ham ertaga milliy kinomizni jahon ekranlariga olib chiqishlari uchun zamin yaratgan bo`lamiz.  

Xabaringiz bor, joriy yilning 1-5 oktyabr kunlari Rossiyaning Moskva va Qozon shaharlarida “O`zbek kinosi kunlari” bo`lib o`tdi. Mamlakatimiz uchun bo`lg`usi kino sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash masalasi muhimligini yaxshi anglagan holda, O`zbekiston delegasiyasi tarkibiga bir guruh iqtidorli yoshlar ham kiritildi. Ular uchun VGIK, Mosfilmga tashriflardan tashqari Rossiya kino san`ati namoyondalari, taniqli kinoijodkorlar ishtirokida mahorat saboqlari va treninglar o`tkazishga erishildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil  24 iyuldagi       3880-son qaroriga binoan, 2019/2020 o`quv yilidan boshlab O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutining iqtidorli bitiruvchilarini hamda «Kinorejissura va kinodramaturgiya» yo`nalishlari bo`yicha dastlabki saralashdan o`tgan bakalavr darajasiga ega milliy kinematografiya sohasining mutaxassislarini S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya kinematografiya davlat instituti (BKDI) qoshidagi «Kino va televidenie» oliy kurslariga o`qishga yuborish bo`yicha takliflar ma`qullanib nomzodlarni saralash ishlari olib borilmoqda.

Yaqinda bo`lib o`tadigan “DijiCon 6 ASIA” kinofestivalida ishtirok etadigan mamlakatimiz delegasiyasi tarkibiga bir guruh yosh va iste`dodli kinorejissyorlarning kiritilishi ham bejiz emas. Shuni alohida aytib o`tish kerakki, ushbu nufuzli festivalda mamlakatimiz kinoijodkorlari ilk bor ishtirok etishmoqda. Bundan tashqari, Agentlik buyurtmasiga binoan bir guruh talabalarga diplom ishlarini davlat mablag`lari evaziga suratga olish uchun sharoit yaratib berildi.

Sizlarga yana bir gapni yangilik sifatida aytib o`tishni istardim. Xalqaro miqyosda erishilayotgan kelishuvlar natijasida Hindistonning 2019-2020 yillarga mo`ljallangan texnik va iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida o`zbekistonlik 15 nafar yosh kinoijodkor Hindistonda kino sohasida malaka oshirishlari mumkin bo`ladi. Bu ham yoshlarimiz uchun jahon tajribasi bilan o`rtoqlashishga bir imkoniyatdir.

Aziz yosh kinoijodkorlar! Ko`rib turganingizdek, Sizlar uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochiq! Buning uchun sizlardan faqatgina o`qish, intilish, harakat zarur bo`ladi. Sizlarga o`zim va mana shu erda o`tirgan barcha kinoijodkorlar nomidan ijodiy parvoz tilayman va xalqaro kinofestivallarning doimiy g`olibi bo`lib, O`zbekiston nufuzini xalqaro maydonda yanada  ko`tarishda o`zingizning munosib hissangizni qo`shishingizga tilakdoshman!

Firdavs Abduxoliqov,

"O`zbekkino" Milliy agentligi Bosh direktori

Шарҳлар