O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi «MONT BLANC» xususiy shifxonasida bemorlar o`limi bilan bog`liq holat yuzasidan axborot berdi.
I. 01.08.2019 yilda Toshkent shahar, Shayxontohur tumanida joylashgan «Mont Blanc» xususiy shifoxonasida fuqaro U. Baxranovga burun qiyshiqlarini to`g`irlash yuzasidan jarrohlik amaliyoti o`tkazilganidan so`ng, bemorning sog`lig`i yomonlashganligi sababli, 20.08.2019 yilda Rossiya Federasiyasining Moskva shahrida joylashgan shifoxonaga yotqizilgan.
Biroq, unga ko`rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan U.Baxranov vafot etgan.
II. 15.08.2019 yilda Qozog`iston Respublikasi fuqarosi L.Apostolovaga «Mont Blanc» xususiy klinikasida tashqi burun deformasiyasi va burun to`sig`i qiyshayishi to`g`irlash bo`yicha jarrohlik amaliyoti o`tkazilgan hamda burun to`sig`i qiyshayishi to`g`irlangan.
Jarrohlik amaliyotidan so`ng, bemor mustaqil nafas olishga o`tkazilgan va unga antibakterial da`vo maqsadida «seftrakson» dori vositasi ichki qon tomiri orqali 1,0 ml. miqdorida yuborilgan.
Shundan so`ng, bemorning ahvoli keskin og`irlashgan va chuqurlashtirilgan tekshirishlar o`tkazish maqsadida RShTYoIMga olib borilgan.
19.08.2019 yilda markaz shifokorlari tomonidan ko`rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, L.Apostolova shifoxonaning jonlantirish bo`limida vafot etgan.
III. 24.08.2019 yilda «Mont Blanc» xususiy klinikasida fuqaro G.Sharifovaga burun sohasida jarrohlik amaliyoti o`tkazish vaqtida unga yuborilgan narkoz noto`g`ri ta`sir qilishi natijasida ahvoli og`irlashgan.
Natijada shu kunning o`zida bemorning uning yaqin qarindoshlari tomonidan «Akfa medline» xususiy shifoxonasiga (klinik o`lim holatida) olib kelingan.
26.08.2019 yilda shifokorlar tomonidan tibbiy muolajalar ko`rsatilganligiga qaramasdan, G.Sharifova shifoxonaning jonlantirish bo`limida vafot etgan.
Mazkur holat bo`yicha to`plangan hujjatlar Bosh prokuraturada o`rganilib, 12.11.2019 yilda JKning 116-moddasi 4-qismi «a,b» bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Hozirda ushbu jinoyat ishi bo`yicha Shayxontohur tuman prokuraturasida dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, uning borishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.
Bundan tashqari, tuman prokuraturasi tomonidan yuqoridagi kabi holatlarni kelgusida sodir etilishini oldini olish bo`yicha Sog`liqni saqlash vaziriligiga taqdimnoma kiritilgan.