O`zbekistonning Aqtau shahridagi (Qozog`iston) Bosh konsulxonasi 2019 yil 20 noyabr kuni Samara-Chimkent yo`nalishi bo`ylab harakatlanayotgan va ichida 57 nafar odam, jumladan 55 ta O`zbekiston fuqarosi bo`lgan avtobus Aqtobe viloyati Xromtau tumani hududida texnik nosozlik tufayli to`xtab qolgani to`g`risida OAVda tarqalgan ma`lumotni tasdiqladi.
TIV Konsullik-huquqiy departamenti bergan ma`lumotga ko`ra, Favqulodda vaziyatlar bo`yicha viloyat departamenti yordamida hamyurtlarimiz issiq joyga evakuasiya qilindi. Ular orasida tibbiy yordamga muxtojlar mavjud emas. Sovuq ob-havoga qaramay avtobusda yoz uchun mo`ljallangan yonilg`idan foydalanilgani va u muzlab qolgani nosozlikka sabab bo`lgan. Ayni paytda ta`mirlash ishlari olib borilmoqda.
Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga oldi va Qozog`istonning tegishli idoralari bilan doimiy aloqada bo`lib turibdi.
Shu bilan birga TIV Konsullik-huquqiy departamenti yana bir bor O`zbekiston fuqarolari e`tiborini avtobuslarda yoki avtomobil transportining boshqa turlarida qishgi vaqtda Qozog`istonga kirishda yoki uning hududidan o`tishda ehtimoliy xatarlarni hisobga olish va tegishli choralar ko`rish zarurligiga qaratadi.
Qozog`iston hududida bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolari, jumladan tranzit bilan boshqa davlatga o`tayotgan yurtdoshlarimiz, zarur hollarda mamlakatimizning Nur-Sulton shahridagi Elchixonasiga (Nur-Sulton shahri, Aqmo`la, Shimoliy Qozog`iston, Pavlodar, Qostanay va Qarag`anda viloyatlari, tel.: +7-717-295-45-87, +7-777-218-20-10 (Telegram, Whatsapp, Imo); Aqtau shahridagi Bosh konsulxonaga (Aqto`be, Atirau, G`arbiy Qozog`iston va Mangistau viloyatlari, tel.: +7-29-277-71-17, +7-777-599-00-50, +7-777-599-00-51); Olmaota shahridagi Bosh konsulxonaga (Olmaota shahri, Chimkent shahri, Olmaota viloyati, Sharqiy Qozog`iston, Turkiston, Jambil va Qizilo`rda viloyatlari, tel.: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o`tamiz.