Ozarbayjonda "O`zbekiston kinosi kunlari" doirasida rejissyor Jahongir Ahmedovning "Islomxo`ja" tarixiy badiiy filmi taqdimoti bo`lib o`tdi, deya xabar berdi "O`zbekkino".
"Biz o`zbek xalqi bilan do`st-birodarmiz. Tariximiz ildizlari o`zaro bir-biri bilan bog`langan. Uning sahifalarida nom qoldirgan shaxslar umumiy tariximizga dahldordir. Shu bilan birga madaniyatlarimiz o`xshashligi bilan ham yaqinmiz. Menga o`zbek rejissyori Jahongir Ahmedovning "Islomxo`ja" tarixiy-badiiy filmi juda yoqdi. Nafaqat menga, balki ozarbayjon xalqiga yoqdi desam adashmayman. Boku shahridagi Nizomiy kinoteatrida o`tgan taqdimot bizga o`zgacha kayfiyat bag`ishladi. Rejissyor J. Ahmedov tomonidan juda katta ish qilingan. Akyorlarning kostyumlaridan, grimmlaridan tortib, rejissyorning tarixni murakkab jihatlarini puxta o`rganganligi ko`rinib turibdi. Tarixiy davrni aks ettirgan filmlarni suratga olishga ko`pchilik qiynaladi. Ammo bu film muvaffaqiyatli chiqqan", –deydi Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vazirligi kinematografiya bo`limi boshlig`i Jahongir Mamedov.
Kino kunlari davomida ozarbayjonlik kinomuxlislarga Abduxalil Mignorovning "Abu Iso Muhammad Termiziy", Umid Hamdamovning "Issiq non", Zulfiqor Musoqovning "Berlin-Oqqo`rg`on", Shuhrat Mahmudovning "Raqs jozibasi", Doniyor Shokirovning "Hunarmandlar o`lkasi" kabi hujjatli filmlari ham taqdim qilindi. "O`zbekiston kinosi kunlari" haftaligida jami 10 ta (6 ta badiiy, 4 ta hujjatli) o`zbek filmi namoyish etilishi ko`zad tutilgan.
Ozarbayjonda "O`zbekiston kinosi kunlari" 24 noyabrgacha davom etadi.