my5

Toshkentda O`zbekiston-Rossiya kinoforumi bo`lib o`tdi

Madaniyat 05.12.2019, 18:15
1315
Toshkentda O`zbekiston-Rossiya kinoforumi bo`lib o`tdi

5 dekabr kuni O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasiga qarashli “Media-Xoll”da  O`zbekiston-Rossiya kinoforumi o`tkazildi. 

“O`zbekkkino” Milliy agentligi tashabbusi bilan o`tkazilgan ushbu anjumanda tegishli vazirlik va idoralar, o`zbekistonlik va rossiyalik kinematografiya tashkilotlari rahbarlari, taniqli san`at ustalari, oliy o`quv yurtlari o`qituvchilari va talabalari, jurnalist va blogerlar ishtirok etishdi. 

Tadbirda so`zga chiqqan O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari A. Abduhakimov, “O`zbekkino” Milliy agentligi direktori F.Abduxoliqov, Rossiya Federasiyasi madaniyat vaziri o`rinbosari Pavel Stepanov, STV telekompaniyasi rahbari, kinoprodyuser Sergey Selyanov, Butun Rossiya davlat kinematografiya instituti rektori Vladimir Malishev, “Soyuzmultfilm” studiyasi direktori Boris Mashkovsev va boshqalar so`zga chiqib, keyingi paytlarda O`zbekiston va Rossiya o`rtasida madaniy hamkorlik borasidagi ishlar qamrovi kengayib borayotganini qayd etdilar. 

Ta`kidlanganidek, keyingi yillarda O`zbekistonda barcha sohalarda ulkan o`zgarishlar  yuz bermoqda. Bunday jarayonlar mamlakatimizning xorijiy mamlakatlar, xususida Rossiya bilan aloqalarida ham yaqqol o`z aksini topmoqda. Shu yilning oktyabr oyida  Rossiyaning Moskva va Qozon  shaharlarida o`zbek kinosi kunlarini  o`tkazildi. Haftalik davomida 10 ta badiiy, 4 ta hujjatli film namoyish etildi. 

Kinoforumda Rossiya va O`zbekiston kino ustalari tomonidan amalga oshirilayotgan bir qator yangi kino loyihalari haqida so`z yuritildi. Masalan, yaqinda Rossiyaning STV kinokompaniyasi tomonidan O`zbekiston hududida “Kichkina muk” ertak-filmi suratga olinadi. Shuningdek, yurtimizda “Janob Nokaut” filmini suratga olish ishlari tez kunlarda boshlanishi mumkin. Rossiyalik o`zbek aktyori va rejissyori Farhod Mahmudov ham Buxoroda “Parilar hadyasi” deb nomlangan badiiy filmni suratga olish niyatida. 

O`zbek kinoustalari ham o`z navbatida Rossiya hududida, rossiyalik hamkasblari bilan hamkorlikda bir qator filmlarni suratga olishni rejalashtirishgan. Jumladan, “O`zbekkino” Milliy agentligi tomonidan Rossiyaning "Mars Media" kinokompaniyasi bilan "Toshkent-66" filmini, "STAR-T" kinokompaniyasi bilan "Non shahri" teleserialini suratga olish bo`yicha hamkorlik olib borilmoqda. “Soyuzmultfilm” studiyasi o`zbekistonlik hamkasblar bilan birga Xo`ja Nasriddinning sarguzashtlari haqidagi multiserialni suratga olish bo`yicha ish olib bormoqda. Tomoshabinlarning katta olqishlariga sazovor bo`lgan “Baron” filmining davomi sifatida “Baron-2: qaytish” filmi ham rossiyalik kinoijodkorlar bilan hamkorlikda suratga olinadi. 

 

 

Kinoforum doirasida o`zbekistonlik sakkiz nafar yosh iste`dod egalarining Butunrossiya kinematografiya institutida tahsil olishi yuzasida memonardum imzolandi. 

Шарҳлар