Bu dunyodan o`tib ketganiga 10-15 yil bo`lsa-da, marhumlar nomiga elektr energiyasidan qarzdorlik hisoblanayotganini eshitib, dilimiz ranjiyotgan, qalblarimiz og`riyotgan edi. Hali onasidan tug`ilmagan “yo`q odam”ga qarzdorlik hisoblansachi...
Uchko`prik tumani “Qaqir” qishlog`ida yashovchi S. Musaev Uchko`prik tuman iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, tuman elektr ta`minoti korxonasi tomonidan 1 782 144 (bir million etti yuz sakson ikki ming bir yuz qirq to`rt) so`m noreal qarzdorlik hisoblanganligi, ushbu holat yuzasidan tuman MIB idorasi va elektr ta`minoti korxonasi o`rtasida sarson bo`lganligi, lekin ushbu masalaga echim topolmayotganidan norozi ekanligini bildirdi. Bu haqda Darakchi.uzga Uchko`prik tumani Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati matbuot bo`limi mutaxassisi Nargizaxon Sheralieva ma`lum qildi.
Uning arizasi tuman iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati va soha mutaxassislari ishtirokida O`zbekiston Respublikasi “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi va “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi qonunlari asosida o`rganib chiqildi.
O`rganishlar natijasida elektr ta`minoti korxonasi mutaxassisi tomonidan 2016 yil 5 avgustda 2199-sonli dalolatnoma iste`molchi S. Musaev nomidagi ...075 raqamli abonent raqamiga texnik xato tufayli noto`g`ri kiritilganligi va bu xatoni bartaraf etish uchun 075 abonentni aslida mavjud bo`lmagan fuqaro “A. Ismoilov” nomiga biriktirib qo`yilganligi aniqlandi.
Masalaga oydinlik kiritish va bartaraf qilish yuzasidan tuman ETKga so`rov xati yuborillgan. Korxona tomonidan ushbu holat o`rganib chiqildi va fuqaro S. Musaev nomiga yozilgan 1 782 144 so`m nohaq qarzdorlik olib tashlangan.