my5

O`zbekistonda shaxsni ushlashda videoga tushirish tartibi joriy etiladi

Jamiyat 08.12.2019, 20:55
Теглар: Prezident, qo`lga olish, yangilik
906
O`zbekistonda shaxsni ushlashda videoga tushirish tartibi joriy etiladi

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida fuqaroni ushlash vaqtida majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibini joriy etishni topshirdi.

Prezident bu haqda Konstitusiya qabul qilinganining 27 yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimda ma`lum qildi.

Prezident o`tgan uch yilda jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat prosessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish tizimi yaratilganini ta`kidladi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berildi. Tintuv jarayonini, olingan ko`rsatmalarni hodisa sodir bo`lgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti kabi prosessual harakatlarni video tasvir orqali qayd etish shartligi qonuniy asosda belgilangan edi.

“Biroq aholi bilan muloqotlar huquq buzilishi xavfi bo`lgan boshqa holatlar bo`yicha ham shunday choralarni qo`llash zarurligini ko`rsatmoqda. Xususan, shaxsni ushlab turish, unga prosessual huquqlarini tushuntirish kabi jarayonlarni, agar u himoyachidan voz kechsa, bu holatni ham majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibini o`rnatish zarur”, - dedi prezident.

U ushlangan shaxs maxsus binoga olib kelinganidan keyin bu haqda uning oila a`zolari darhol xabardor qilinishi kerakligini ta`kidladi. Davlat rahbari buni surishtiruvchi, tergovchi va boshqa vakolatli shaxsning majburiyati sifatida qonunda aniq belgilab qo`yishni taklif etdi.

“Bundan tashqari, shaxsni ushlab turish va uning huquqini cheklaydigan boshqa prosessual majburlov choralarini qo`llash holatlarini hisobga olishning elektron tizimiga o`tish zarur. Bu jarayonda inson omili ishtirokini iloji boricha kamaytirish lozim”, - dedi Mirziyoev.

Uning so`zlariga ko`ra, kelgusi yildan boshlab prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibi joriy etiladi.

“Shu orqali surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida muvozanatni, ya`ni o`zaro tiyib turish tamoyillarini ta`minlash imkoni yaratiladi. Bunday muhim o`zgarish ham bizning tajribamizda birinchi marta joriy etilmoqda”, - dedi prezident.

Davlat rahbari ilgari prokuratura idoralari nihoyatda yopiq, nazoratdan xoli bir organi bo`lgani sir emasligini aytdi.

“Buning oqibatida qancha-qancha odamlar nohaq jabr chekkani, adolatsizlikka duchor bo`lgani ham ayni haqiqat. Qanchalik og`ir va noxush bo`lmasin, biz shu haqiqatni tan olib, bu sohada qonuniylik va adolatni qaror toptirishga kirishdik”, - deya ma`lum qildi Mirziyoev.

U prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish adolat mezonini mustahkamlashda ulkan qadam bo`lishiga ishonch bildirdi.

Шарҳлар