Toshkent shahar IIBB ekspert-kriminalistika bo`linmalari xodimlariga hodisa joylarini ko`zdan kechirish uchun yangi chemodanlar taqdim etildi.
Toshkent shahar IIBB ekspert-kriminalistika bo`linmalari tomonidan har yili hodisa joylariga besh mingdan ortiq chiqishlar amalga oshiriladi. Tergov va jinoyatni fosh etish to`g`ridan-to`g`ri hodisa joyini ko`zdan kechirish sifatiga bog`liq. Ekspert-kriminalist qanchalik kuchli mutaxassis bo`lishiga qaramasdan, uning ishida zamonaviy texnika, ilg`or texnologiyalar, barcha zarur asboblar muhim o`rin tutadi. Yaqinda Toshkent shahar IIBB ekspert-kriminalistika bo`linmalari xodimlariga topshirilgan hodisa joyini ko`zdan kechirish uchun mo`ljallangan yangi maxsus chemodanlar barcha zarur vositalarni o`z ichiga olgan.
Alyumin metal korpus asosida tayyorlangan chemodanlar ekspertlar uchun hodisa joyida zarur bo`lgan barcha texnik vositalarni qulay tarzda olib yurish imkonini beradi: daktiloskopik kukun va plyonkalar, ultrabinafsha yoritgichlar, fonar, ruletka, shtangensirkul, kompas, ashyoviy dalillar uchun mo`ljallangan paketlar va hokazo.
Xodimlarga topshirilgan yangi maxsus vositalar to`plami hodisa joylarini ko`zdan kechirish sifatining oshishiga sabab bo`lib, jinoyatlar fosh etilishiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi.