my5

Tokioda O`zbekistonda yashagan yapon olimi hayotiga bag`ishlangan ko`rgazma ochildi

Madaniyat 16.12.2019, 18:32
1213
Tokioda O`zbekistonda yashagan yapon olimi hayotiga bag`ishlangan ko`rgazma ochildi

Avval xabar qilinganidek, Yaponiyaning Tokio shahrida "O`zbekiston va Yaponiya – Buyuk Ipak yo`lida" xalqaro konferensiyasi bo`lib o`tmoqda. 

Tadbir O`zbekiston madaniy merosini saqlash, tadqiq etish va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati, O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish Davlat qo`mitasi, O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy   assosiasiyasi, O`zbekiston Fanlar akademiyasi, O`zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan  bir qator davlat, jamoat va xalqaro tashqilotlar ko`magida tashkil etildi.

Anjuman doirasida umrining katta qismini O`zbekiston hududidagi arxeologik tadqiqotlarga baxsh etgan yaponiyalik olim Kyudzo Kato hayoti va faoliyatiga haqidagi ko`rgazma ochildi. Unda olimning hayot yo`lini aks ettiruvchi fotosuratlar, hujjatlar, ilmiy asarlar, shaxsiy buyumlar namoyish qilinmoqda. 

Taniqli olim Kyudzo Kato yurtimiz tarixi, madaniyati haqida qator asarlar yozgan, o`zbek olimlarining kitoblarini yapon tiliga tarjima qilgan edi. Yurtimiz tarixi va madaniyatini tadqiq etishga qo`shgan hissasi uchun O`zbekiston Respublikasining “Do`stlik” ordeni bilan taqdirlangan, Termiz shahrining faxriy fuqarosi unvoniga sazorv bo`lgan edi. U 2016 yil sentyabr oyida 94 yoshda Surxondaryo viloyatida arxeologik tadqiqotlarni davom ettirayotgan paytda hayot bilan vidolashgan. Yapon arxeologi, antropolog, tarixchi va etnograf, Yaponiya milliy etnologik muzeyi faxriy professori Kyudzo Kato nomini o`zbekistonlik ziyolilar hamisha ehtirom va g`urur bilan tilga olishadi. Bugun Termiz shahrida Kato nomi bilan ataladigan ko`cha va maktab bor. 

- Kelgusi yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan O`zbekistonda Kato muzeyi va yodgorlik majmuasi barpo etiladi, - dedi ko`rgazmaning ochilish marosimida so`zga chiqqan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlari va fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organlari qo`mitasi raisi, akademik Akmal Saidov.

Ko`rgazmaning ochilishida tadqiqotchi Kyudzo Kato haqidagi "O`zbekiston yapon olimi qalbida" kitobi taqdim etildi.

Tadbirda ikki o`lkaning davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, olim va tadqiqotchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari, marhumning yaqinlari ishtirok etishdi. 

- Turmush o`rtog`imning hayoti va faoliyatiga ko`rsatilgan yuksak e`tibor uchun O`zbekiston hukumatidan, tashkilotchilardan behad minnatdorman, - dedi marhum olimning bevasi Sadako Kato. – U o`ziga berilgan umrni munosib tarzda yashab o`tdi va ikki xalqning madaniy aloqalarini mustahkamlashga katta hissa qo`shdi. Bugun uning ishini ko`plab izdoshlari davom etirayotganidan mamnunman. 

O`zbekiston madaniy merosini saqlash, tadqiq etish va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov  Kato xonimga yaqinda davlatimiz rahbari tabrik so`zi bilan chop etilgan “Markaziy Osiyo madaniy merosi Yaponiya to`plamlarida” kitob-albomining bir nusxasini tuhfa qildi. 

- Bunday ajoyib tadbir tashkilotchilariga o`z tashakkurimni bildiraman, - dedi Tokio Falsafa institutida tadqiqotchi Kavasaki Kenzo. – O`ylaymanki, bunday uchrashuvlar dunyo olimlarining o`zaro aloqalarini mustahkamlash uchun juda muhimdir. Bizning mamlakatlarimizni inson qo`li bilan yaratilgan tarix rishtalari bog`lab turadi. Ustozim Kyudzo Kato ham ana shu shonli tarixning bir bo`lagi ekanidan faxrlanaman. 

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil  17-20 dekabr kunlari bo`lib o`tadigan Yaponiyaga rasmiy tashrifi arafasida bir qator madaniy-ma`rifiy tadbirlar, uchrashuvlar va ko`rgazmalar, taqdimot marosimlarini o`tkazish ko`zda tutilgan. 

 

Шарҳлар