Му5
8

O`zbekiston va Qozog`iston hamkorligida Ahmad Yassaviy haqida film suratga olinadi

Madaniyat 22.12.2019, 18:07
556
O`zbekiston va Qozog`iston hamkorligida Ahmad Yassaviy haqida film suratga olinadi

Bugun “O`zbekkino” Milliy agentligida Qozog`iston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Aktoti Raimkulova hamda “O`zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov o`rtasida hamkorlik aloqalari xususida uchrashuv bo`lib o`tdi.

Uchrashuvda XII asrda Markaziy Osiyoda paydo bo`lgan yassaviya tariqatining asoschisi Xoja Ahmad Yassaviy haqida hamkorlikda film suratga olishga kelishildi. 

Shuningdek, 2020 yilning boshida Qozog`istonda o`tkazilishi mo`ljallanayotgan “O`zbek kinosi kunlari”, xususan, filmlar namoyishi bo`yicha ham kelishuvga erishildi. 

Ushbu film O`zbekiston va Qozog`iston hamkorligi tarixida noyob voqea sifatida qardoshlik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda. 

Aktoti Raimkulova “O`zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligida olib borilayotgan ishlar, yangi loyihalar bilan tanishdi. 

“O`zbekiston Respublikasi Prezidentining mamalakatlarimiz o`rtasidagi do`stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida olib borayotgan siyosati bizni lol qoldiradi. Men mamlakatingiz bilan madaniy aloqalar olib borishdan juda xursandman.O`ylaymanki, kino sohasida hamkorlikda amaliy ishlarni olib borsak, bu ikkala davlat uchun ham manfaatlidir”, - dedi Qozog`iston madaniyat va sport vaziri Aktoti Raimkulova.

“2020 yilda Qozog`istonda “O`zbek kinosi kunlari” o`tkazilishi hududlar o`rtasidagi kino sohasidagi hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi deb o`ylayman, – qo`shimcha qildi Qozog`iston madaniyat va sport vaziri, – ikki mamlakat kino industriyasi rahbarlari va kinoijodkorlarning bunday birlashuvi albatta besamar ketmasligi kerak”. 

“Qozog`iston kinoijodkorlari tomonidan suratga olinayotgan filmlar bugungi kunda ko`plab xalqaro festivallarda yuqori o`rinlarda e`tirof etilmoqda. Do`stona munosabatlarni mustahkamlashda O`zbekiston-Qozog`iston kinoijodkorlarining birlashuvi muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, kino  san`ati orqali o`zaro manfaatli aloqalarni yo`lga qo`yish, bilim va tajriba almashish mumkin. Bu esa sifatli kinolarimizni ko`payishiga, xalqlarimiz yanada yaqin bo`lishiga xizmat qiladi”, deydi “O`zbekkino” rahbari.

Uchrashuv so`nggida Aktoti Raimkulova “O`zbekkino” Milliy agentligi qoshidagi “Kino san`ati” muzeyiga o`z esdalik sovg`asini topshirdi.  Firdavs Adbuxoliqov ham o`z navbatida o`zining “O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida” deb nomlangan 10 jildlik  asarlarini (kitoblarini) Qozog`iston madaniyat va sport ishlari vaziriga sovg`a sifatida taqdim etdi.

“Mamlakatingizning boy tarixi bilan tanishish, betakror urf-odat va an`analarini o`rganish, me`moriy yodgorliklari misolida asriy tamaddun yutuqlaridan bahramand bo`lish istagida edim. Ushbu kitoblaringiz bilan meni benihoya shod etdingiz,” – deya Aktoti Raimkulova o`z minnatdorchiligini bildirdi.

Bugungi kunda ikki davlat o`rtasidagi madaniy aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda. 

Turli yirik tadbirlarningo`tkazilishi xalqlarimiz o`rtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, azaliy do`stlik rishtalarini ulug`lashdek mushtarak maqsadlarga erishishida muhim o`rin tutmoqda. Bugungi uchrashuv ham shu hamkorlik an`analarining davomi bo`ldi. 

 

Шарҳлар