13

Mashhur O`rda ko`prigi haqida faktlar

Moziydan sado 27.12.2019, 10:48
2094
Mashhur O`rda ko`prigi haqida faktlar

"Tarixan Toshkent shahri Bo`zsuv kanalining o`ng sohilida joylashgan va asrlar silsilasida kengayib borgan. Anhor Bo`zsuv kanalining hozirgi Minor masjidi yonidan boshlangan qismidir. Toshkent Qo`qon xonligi tarkibiga kirganidan so`ng, chap sohilda hozirgi “Turkiston” saroyining o`rnida “O`rda” qal`asi qurilgan. Ya`ni Anhorning bir tomonida shahar bo`lsa, ikkinchi tomonida shahar begining qarorgohi joylashgan. Har ikki tomon muloqot va munosabatlar uchun ushbu ko`prikdan o`tganlar.  Keyinchalik chap sohilda yana bir qal`a qurilgan va bu ko`prikdan qatnovchilar soni ortgan. 1913 yilda taxta ko`prik o`rnida g`ishtligi qurildi, 1914 yilda undan Eski shahar tomon ilk tramvay o`tgan. 1930 yillarda g`ishtli ko`prik, zamonaviy betonli ko`prikka almashtirilib, ustidan bitta katta arka qurildi. Uning atrofida choyxonalar, savdo rastalari tashkil etilib, toshkentliklar ko`p keladigan gavjum maskanga aylandi.

1947 yildan boshlab undan trolleybuslar harakatlana boshlagan, 1960 yillarda esa tramvayning tor yo`li kengaytirilib, ko`prikning yon tomonlariga chiroqlar o`rnatilgan, o`ng tarafida chiroyli binolar qad ko`targan. Bundan tashqari, ko`p yillar davomida ko`prik toshkentliklarning Anhor go`zalliklarini tomosha qiladigan sevimli joyi bo`lgan. Ko`prikdan o`tar ekansiz, uning o`tmishiga nazar soling, axir bu ko`prik Toshkentdagi ko`plab voqealariga guvoh bo`lgan", - deb yozadi Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati.

Шарҳлар