Oshqozonda yara bo`lsa...

Salomatlik 09.02.2015, 18:49
29263
Oshqozonda yara bo`lsa...

“Bir necha oy davomida oshqozonimda yoqimsiz bezovtalik kuzatilayapti. Ba`zan og`riq xuruji kuchayadi. Lekin ovqatlansam o`tib ketadi. O`tgan yili onamda ham shunday bo`lgandi. Tibbiy ko`rikdan so`ng oshqozon yarasi deyishgan. Nahot mendagi o`zgarishlar ham me`da yarasi bilan bog`liq bo`lsa? Yoki kasallik nasl suradimi?”

Nigora Olimova, Navoiy viloyati

 

Oshqozon yarasi – me`da shilliq qavatida yara paydo bo`lishi bilan xarakterlanadigan xastalikdir. Kasallikning qo`zg`alish va remissiya (tinchlanish) davrlari bo`lib, har ikkisi ma`lum vaqtda almashinib turadi. Oshqozon yarasi o`z-o`zidan paydo bo`lmaydi. Birgina noto`g`ri ovqatlanish yoxud nonushta qilmaslik asorati sekin-astalik bilan yara hosil bo`lishiga olib kelishi mumkin. Statistika ma`lumotlariga ko`ra, oshqozon yarasi eng ko`p tarqalgan xastaliklar ro`yxatiga kiritilgan.

Mavzu yuzasidan oliy toifali shifokor gastroentrolog Nodira ABDUVALIEVA tanishtiradi.

Ochlikka chidamsiz kasallik!

"Kamroq ovqatlansang, oshqozoning kichrayadi" degan gaplarni xoynahoy siz ham eshitgansiz. Biroq tibbiyot bu fikrni inkor etadi. Zero organizmdagi ichki a`zolar o`z-o`zidan shaklini o`zgartirmaydi. Shu jumladan oshqozon ham. Agar oshqozonda yara aniqlangan bo`lsa, og`riq xurujlari asosan tunda va qorin och bo`lganida kuzatiladi. Taomlanib bo`lgach, 30-60 daqiqa o`tib to`xtaydi. Simillovchi, qorin sohasiga qarab tarqalgan og`riq ba`zan keskin, ba`zida esa sust bo`ladi. Yara joylashuvi, tuzilishi hamda o`lchamiga ko`ra og`riq xuruji bir necha kun yoki haftalab  davom etishi mumkin.

Asabga ta`sir etadi...

Tanamizdagi har qanday og`riq asabni taranglashtirishi, hatto stress holatiga sabab bo`lishi ham mumkin. Biroq oshqozon yarasida bemor odatdagidan ham asabiyroq, tajang va injiq bo`lib qoladi. Bundan tashqari ko`ngil aynishi, qayt qilish, bosh og`riqlari, zarda qaynashi, qorin dam bo`lishi gohida ich qotishi kabi bezovtaliklar ham kuzatiladi.

Stress  ham sababmi?

Oshqozon yarasi pala-partish taomlanishdan tashqari, kuchli xayajonlanish, stress, Helicobakter piroli infeksiyasi,  irsiy moyillik, gormonal preparatlarni uzoq vaqt qabul qilish, spirtli ichimliklarga ruju qo`yish, me`da shirasi kislotaliligining oshishi, och qoringa gazlangan, achchiq, sho`r va konservalangan maxsulotlarni muntazam iste`mol qilish kabilar tufayli ham yuzaga keladi.

Xastalikning qo`zg`alishi...

Oshqozon yarasi bilan og`rigan bemorlar asosan bahor va kuz mavsumida sergak bo`lishlari lozim. Chunki ayni shu mavsumlarda xastalik xurujlari ko`payadi. Shuningdek, asab zo`riqishlari, holsizlik, surunkali charchoq va parhezga rioya etmaslik ham og`riq qo`zg`alishini keltirib chiqaradi.

Zond yutiladimi?

Yara oshqozonning qaysi qismida va qay darajada chuqur  joylashganini aniqlash uchun endoskopik tekshiruv  o`tkazilib, bemor och qoringa zond yutadi. Shu bilan birga UTT tekshiruvini ham o`tkazish  mumkin.

Muoalaja sharti

Agar organizmingizda yuzaga kelgan «qo`zg`olon» sababchisi infeksiya bo`lsa, shifokor tomonidan infeksiyalarni bartaraf etuvchi, shuningdek shilliq pardaning faol yallig`lanishini kamaytiruvchi, yara va eroziyalarni bitiruvchi, xurujlarning oldini oluvchi preparatlar buyuriladi. Muolaja bilan birgalikda qat`iy parhezga rioya etishni ham unutmang. O`z vaqtida va to`g`ri davolanish xastalikning surunkali tus olishidan himoyalaydi.

Etarlicha davolanmaslik....

Yaraning qonashi – bemor hushidan ketishi, ba`zan ichakdan qon ketishi yoki qon qusishi (kamqonlikka olib keluvchi holatlar);

Yaraning teshilishi  – qorin sohasida keskin, o`tkir og`riqning paydo bo`lishi, hushdan ketish kabi holatlar kuzatilib, bemor zudlik bilan kasalxonaga olib borilishi kerak. Yara teshilganda  jarroxlik amaliyoti  o`tkaziladi.

Vaqtida chora ko`rilmasa, yara  boshqa a`zolarga tarqashi, shuningdek, malegnizasiya ya`ni saratonga aylanishi ehtimoli ham yo`q emas.

Fakt:

Me`da yarasi asosan 20-25 yoshlilar orasida kuzatiladi. Xastalikning o`rta yoshlilar orasida aniqlanishi esa vaqtida davolanmaslik sabab kelib chiqqan asoratidir.

 N.ILYoSOVA tayyorladi

Шарҳлар