Му5
8

Shavkat Mirziyoev BAA va Yaponiya bilan hamkorlikdagi loyihalarning amalga oshirilish holati bilan tanishdi

Siyosat 14.01.2020, 21:05
334
Shavkat Mirziyoev BAA va Yaponiya bilan hamkorlikdagi loyihalarning amalga oshirilish holati bilan tanishdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Arab Amirliklari va Yaponiyaga oliy darajadagi tashriflar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

BAA va Yaponiya – ulkan investision imkoniyatlarga ega, jadal rivojlanish, modernizasiya va ilg`or texnologiyalarni samarali joriy qilishda, diversifikasiyalashgan va barqaror iqtisodiyotni shakllantirishga xizmat qiladigan keng miqyosli investisiya loyihalarini amalga oshirishda katta tajribaga ega mamlakatlar.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24-26 mart kunlari BAAga va 17-20 dekabr kunlari Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashriflari ikki tomonlama hamkorliklar tarixida yangi sahifalar ochdi.

BAA va Yaponiyadagi sheriklar bilan do`stona va konstruktiv ruhda o`tgan samarali muzokara va tadbirlar oliy darajadagi muloqot yanada qo`llab-quvvatlanishining muhimligi, bu mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stlik va o`zaro ishonchni mustahkamlashda hal qiluvchi omil ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Tashriflar yakunida hukumatlararo va idoralararo salmoqli hujjatlar to`plami, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investision bitimlar imzolandi. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari bilan umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq, Yaponiya bilan esa 6,6 milliard dollardan ziyod qo`shma loyihalarni amalga oshirish bo`yicha kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, neft-gaz, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat sanoati, turizm va boshqa sohalarda qator loyihalarni amalga oshirish ko`zda tutilgan.

Yig`ilishda BAA kompaniyalari bilan erishilgan kelishuvlar bugun o`z natijasini berayotgani ta`kidlandi. Masalan, “Masdar” kompaniyasi O`zbekistonda quyosh elektr stansiyasi qurilishiga 100 million dollar sarmoya kiritmoqda. 2019 yil oktyabr oyida quyosh energetikasida davlat-xususiy sheriklikka investisiyalar jalb qilish bo`yicha yurtimiz tarixida ilk bor o`tkazilgan ochiq tenderda ushbu kompaniya g`olib deb topildi. Qurilish ishlari 2020 yilning birinchi choragida boshlanishi kutilmoqda. 

Bunday ijobiy natijalar BAA hamda Yaponiya ishtirokidagi boshqa ko`plab loyihalarda ham kuzatilmoqda.

Xususan, BAA ishtirokida 1 milliard dollarlik kapitalga ega «The Abu Dhabi Uzbek Fund» investisiya fondi tashkil etildi. Bugungi kunga kelib ushbu jamg`arma mablag`lari hisobidan kichik va o`rta loyihalarni, shuningdek, Samarqand shahrida mehmonxona qurish, Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi xususiylashtirilishini moliyalashtirish ma`qullandi.

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) mablag`larini jalb qilgan holda Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash loyihasi amalga oshirilmoqda.

O`zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) kredit mablag`lari hisobidan “Ma`lumotlarni saqlash va ularga ishlov berish markazlari (data-markazlar) tashkil etish”, “Paketli kommutasiya xalqaro markazlarini kengaytirish”, “Telekommunikasiya transport tarmog`i va ma`lumotlar uzatish tarmog`ini kengaytirish”, “Radiotarmoqni modernizasiya qilish” loyihalarini amalga oshirish uchun 180 million dollar mablag` jalb etishni rejalashtirgan.

Shu bilan bir qatorda, yaponiyalik mutaxassis Esuaki Yoshida O`zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligida vazir maslahatchisi sifatida faoliyat boshladi. U AKT sohasidagi korxonalarni modernizasiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash dasturini amalga oshirish uchun xorijiy investisiyalar va xalqaro kredit liniyalarini jalb qilish masalalari bilan shug`ullanadi. O`zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasida ta`lim, fan va innovasiyalar bo`yicha maslahatchi-vakil hamda xususiy biznes bilan ishlash bo`yicha maslahatchi lavozimlari joriy qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoev yig`ilish chog`ida tashriflar natijalari bo`yicha ishlab chiqilgan “yo`l xarita”lariga muvofiq 2020 yil uchun belgilangan chora-tadbirlarning to`liq va sifatli ijrosini ta`minlash zarurligini ta`kidladi.

Aholi turmush darajasini oshirish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga xizmat qiladigan loyihalarni o`z vaqtida va sifatli amalga oshirishga alohida e`tibor qaratildi.

Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyatining hisoboti eshitildi, aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, eksport oldi moliyalashtirishni kengaytirish, investisiya muhitini yaxshilash, sanoat tarmoqlari va istiqbolli loyihalarga to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb qilishda manzilli yondashuvni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi va takliflar ishlab chiqildi.

Шарҳлар