"Kam ta`minlangan oilalardan chiqqan maktab o`quvchilari davlat hisobidan bepul issiq ovqat bilan ta`minlanadi, ammo istardikki, qozoq tadbirkorlari ham bizga yordam berishsa", dedi Qosim-Jomart Toqaev Prezident yosh zaxira kadrlari bilan bo`lib o`tgan uchrashuvda.
«Davlat ijtimoiy siyosatining eng optimal modelini qidirish bilan bandmiz. Manzilli ijtimoiy yordam, ayniqsa, o`ta muhim. Davlat chindan-da ko`makka muhtojlarga yordam qo`lini cho`zishi shart. Odamlarga oqlanmaydigan va`dalar bermaslik kerak. Bu yo`lning oxiri voy. Hukumat, daromadidan qat`i nazar, barcha ko`p bolali oilalarga nafaqa to`laydi», — dedi Qozog`iston prezidenti.
Toqaevning ta`kidlashicha, kam ta`minlangan oilalarning maktab o`quvchilari bepul issiq ovqat, yo`lkira, maktab formasi, kerakli o`quv qo`llanmalari bilan davlat hisobidan ta`minlanadi. Bu savobli ishdan, prezidentning qo`shimcha qilishicha, «milliy burjuaziya» — mahalliy tadbirkorlar chet qolishmasa yaxshi bo`lardi.
Toqaev tadbirkorlarning mamlakatdagi bolalarni faol qo`llab-quvvatlash tajribasi qator Evropa mamlakatlarida, xususan, Finlyandiya, Shvesiya, Chexiya va Estoniyada yaxshi samara berayotganini eslatib o`tdi.
«BMT jahon oziq-ovqat dasturi hisob-kitoblariga ko`ra, maktab o`quvchisining ovqatlanishiga sarflangan har bir dollar uch, ba`zida o`n baravar bo`lib o`zini qoplab ketarkan. Biz biznes vakillari, saxovatpeshalar yordamida bu vazifani uddalay olishimizga ishonaman», — dedi Qosim-Jomart Toqaev o`z so`zini yakunlar ekan.