AQSh Massachusets shtatining Kembridj shahri hokimligiga ilk bor musulmon diniga mansub ayol saylandi, deb yozadi islam.ru saytiga asoslanib O`zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.
31 yoshli Sumbul Siddiki – Pokistonda tug`ilgan, bolaligida ota-onasi bilan AQShga ko`chib kelgan. U Braun universitetini davlat boshqaruvi mutaxasisligi bo`yicha tugatgan. Shuningdek, Pritsker huquqshunoslik maktabida o`qib, yurist diplomini olgan.
Ayol-siyosatchining e`tirof etishicha, uning manziliga dinga oid ko`plab islomofobik xabar va haqoratlar kelib turadi. Ammo bu uning ishlashiga xalaqit qilmaydi, balki jamiyatda islomofobiyaga qarshi sidqidildan faol kurashishiga rag`bat beradi.