my5

Prezident Jahon banki delegasiyasini qabul qildi

Siyosat 17.01.2020, 14:05
772
Prezident Jahon banki delegasiyasini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 17 yanvar kuni Jahon banki vise-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.

Jahon banki guruhi dunyo miqyosidagi etakchi moliyaviy institut bo`lib, mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning yangi dasturini amalga oshirishda strategik sherikdir.

Bank ekspertlari O`zbekistonda qishloq va suv xo`jaligi, geologiya, bank-moliya va soliq, ta`lim sohalarida modernizasiya ishlarini samarali amalga oshirishga doir takliflarni ishlab chiqishda, investisiya va ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish hamda boshqa ustuvor yo`nalishlarda faol ishtirok etmoqda.  

Bugungi kunda Jahon banki tomonidan O`zbekistonda amalga oshirilgan va davom ettirilayotgan loyihalarning qiymati 5,5 milliard dollarni tashkil etadi.

O`tgan yili ushbu global moliyaviy institut umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo`lgan yangi istiqbolli loyihalarni ma`qulladi. Navoiy viloyatida quyosh elektr stansiyasini qurish bo`yicha kimoshdi savdosi, shuningdek, Vashington shahrida "Mamlakat platformasi" taqdimoti muvaffaqiyatli o`tkazildi.

Davlatimiz rahbari bularning barchasi O`zbekiston va Jahon banki o`rtasidagi yaqin hamkorlik, ochiq va konstruktiv muloqot natijasida erishilganini alohida ta`kidladi.

O`z navbatida, Siril Myuller Jahon banki guruhi prezidenti Devid Melpassning samimiy salomini etkazib, tashkilot O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini to`liq qo`llab-quvvatlashini yana bir bor qayd etdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari va ustuvor yo`nalishlari muhokama qilindi.

Muhim tarmoqlarda, jumladan, qishloq xo`jaligi, energetika, neft-gaz tarmog`i, transport va boshqa sohalarda islohotlarni davom ettirishga ko`makni kengaytirish hamda qashshoqlikka qarshi kurashish borasida qo`shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

O`zbekiston va Jahon banki o`rtasidagi sheriklik bo`yicha yangi uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqishga kelishib olindi.

 

Шарҳлар