my5

Bokschilar ham Olimpiada saralashi arafasida: tarkib, tayyorgarlik va format haqida

Sport 18.01.2020, 11:13
1072
Bokschilar ham Olimpiada saralashi arafasida: tarkib, tayyorgarlik va format haqida

Olimpiada yili sanalmish 2020 yilni futbolchilardan keyin, bokschilar ham muhim musobaqa bilan boshlashadi. 17 yanvar kuni boks bo`yicha O`zbekiston milliy jamoasi Olimpiadaga yo`llanma beruvchi lisenziyalarni qo`lga kiritish maqsadida Xitoyga jo`nab ketdi.

Tayyorgarlik, 1,1 milliard so`m mablag` va Xitoy safari

O`zbekiston milliy jamoasi Xitoydagi Osiyo-Okeaniya mintaqaviy nufuzli musobaqasida ishtirok etish uchun ikki hafta oldin etib boradi. Sababi, bokschilarimiz 17-31 yanvar kunlari musobaqa o`tadigan mezbon Uhan shahrida o`quv-mashg`ulot yig`ini o`tkazishni maqsad qilishgan. Tayyorgarlik jarayonida o`zimizning bokschilar bilan sparring janglar o`tkazish uchun milliy jamoamiz uchta tarkib bilan yo`l olmoqda.

O`zbekiston milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonovning tegishli buyrug`iga ko`ra, bokschilarimizning o`quv-mashg`ulot yig`ini hamda turnirda ishtirok etib qaytishlari uchun MOQ tomonidan O`zbekiston boks federasiyasi hisob raqamiga 1 milliard 103 million so`m miqdoridagi mablag` ajratilgan.

Xitoyga yo`l olayotgan delegasiyadan bokschi, murabbiy va personaldan iborat jami 32 nafar delegat o`rin olgan:

Saralash bosqichi qanday o`tkaziladi?

Ma`lumki, 25 iyuldan 9 avgustga qadar davom etadigan Tokio-2020 Olimpiadasining boks bo`yicha turnirida 186 nafar erkak va 100 nafar ayol bokschi ishtirok etadi. 2019 yilda Ekaterinburg shahrida o`tgan jahon chempionati O`zbekiston boks milliy jamoasining umumjamoa hisobidagi g`olibligi bilan yakunlangan bo`lsa-da, unda Olimpiada yo`llanmalari o`ynalmagan edi.

Xalqaro Olimpiya Qo`mitasining boks bo`yicha ishchi guruhi qaroriga ko`ra, Olimpiadaga yo`llanma beruvchi mintaqaviy saralash turnirlarining dastlabkisi 3-14 fevral kunlari Xitoyda o`tkazilib, Osiyo va Okeaniya saralash bosqichida Tokio-2020 lisenziyalari o`ynaladi.

Afrika mintaqasi uchun saralash fevralda, Evropa saralash bosqichi martda, Amerika saralash turniri aprelda o`tkaziladi. 13-24 may kunlari esa Fransiya poytaxti Parijda yakuniy jahon saralash bosqichi o`tkazilib, unda Olimpiada o`yinlariga hali yo`llanma olmagan bokschilar hal qiluvchi janglarga kirishishadi.

Xitoyda nechta Olimpiada yo`llanmasi o`ynaladi?

Chin mamlakatidagi Osiyo-Okeaniya turnirida erkak bokschilar orasida 41ta yo`llanma, ayollar o`rtasidagi janglarda esa 22ta Olimpiada lisenziyasi o`ynaladi.

Jumladan, 52, 57, 63 kilolik vaznlar uchun 6tadan o`rin ajratilgan bo`lsa, 69, 75, 81 kg.lik toifada 5tadan o`rin, og`ir vazn sanalmish -91 va 91+ kg.dan ortiq vazn kategoriyasida 4tadan yo`llanma o`ynaladi.

65 yoshli tajribali mutaxassis Marat Qurbonov bosh murabbiyligidagi O`zbekiston milliy jamoasi 8 vazndan 7tasi bo`yicha ishtirok etishini inobatga olsak, maksimal vazifani uddalash uchun bokschilarimiz Xitoydan 7ta Olimpiada yo`llanmasi bilan qaytishlari lozim.

Tarkibimiz qanday ko`rinish olgan?

O`zbekiston milliy jamoasi murabbiylar shtabi Uhandagi o`quv-mashg`ulot yig`ini oldidan yurtimizda olib borgan tayyorgarlik bosqichining yakunida Olimpiadaga yo`llanmasi uchun kurashadigan bokschilarimiz ro`yxatini aniqlab olishgan.

Jumladan, eng engil vazn sanalmish 52 kg vaznda Shahobiddin Zoirovkurashga kirishsa, 57 kg.lik vaznda Miraziz Mirzaxalilov, 63 kglik vaznda Elnur Abduraimov, 69 kg.lik vaznda esa Bobo Usmon Baturovtanlangan. 81 kg.lik vaznda Dilshod Ro`zmetov, 91 kg.da Sanjar Tursunov, 91 kg.dan ortiq vazn toifasida esa kutilganidek jahon chempioni Bahodir Jalolov yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Ajablanarlisi, 75 kg kategoriyali saralash turnirida O`zbekistondan hech kim ishtirok etmaydigan bo`ldi. Aslida reja bo`yicha Bektemir Meliqo`ziev qatnashishi kerak bo`lgan, ammo «bezori» taxallusli bokschi AQShda ekanligi bois, u may oyida Parijdagi jahon saralash bosqichida ishtirok etishi ko`zlangan.

Har qanday holatda ham, so`nggi Olimpiada va jahon chempionatida boks bo`yicha dunyoning tengsiz jamoasi bo`lgan O`zbekiston milliy jamoasining Xitoyga jangovar tarkib bilan bormoqda, deyishga asoslarimiz etarli. Shunday ekan, o`zbekistonlik muxlislar charmqo`lqop ustalarimizning Xitoydan ulkan g`alaba va 7ta Olimpiada yo`llanmasi bilan qaytishlariga ishonib qolishadi.

 

 

Шарҳлар