U-23 Osiyo chempionati chorak final bahsidan o`rin olgan BAA va O`zbekiston terma jamoalari o`rtasidagi bahs hamyurtlarimizning 5:1 hisobidagi yirik g`alabasi bilan yakunlandi. Uchrashuvdan so`ng o`tkazilgan matbuot-anjumanidagi suhbat haqida olympic.uz xabar bermoqda. Ta`kidlanishicha, dastlab BAA murabbiyi Masey Skorja o`yin haqida o`z fikrlarini bildirib o`tdi.
Masey Skorja (BAA):
“O`yinni juda yaxshi boshlagan edik. Birinchi golniyam urdik. Ammo undan keyin jismoniy jihatdan qiynaldik. O`zbekistonlik futbolchilar qolgan vaqtda juda yaxshi harakat qilishdi. VARdan keyingi penalti va uchinchi fantastik gol bizni ancha sindirdi. Xulosa qilib aytganda, jismoniy jihatdagi qiyinchilik bizni juda ham qiynadi”.
– Mazkur o`yindagi eng asosiy xatoyingiz nimada bo`ldi deb o`ylaysiz?
– Balki jismoniy kuchi ko`p futbolchilarni tushirmaganimmikan deb o`ylab qoldim. O`yinlar vaqti tig`izligi va qisqaligi bizni jismioniy tomondan juda qiynadi. Shundan kelib chiqqan holda asosiy tarkibga jismoniy jihatdan zaxirasi ko`p o`yinchilarni tushirganim ma`qul bo`lar edi. Shuningdek, O`zbekiston jamoasi ancha yaxshi o`ynaganini aytib o`tishim kerak. Ulardagi markaziy chiziq o`yinchilari ajoyib harakat qilishdi.
Shundan so`ng jamoamiz bosh murabbiyi Lyubinko Drulovich ham o`z taassurotlari bilan o`rtoqlashdi.
Lyubinko Drulovich:
“Juda ham xursandman. Bu biz uchun juda ham ajoyib o`yin bo`ldi. Ammo ba`zi kamchiliklarimizni ham ko`rdik. Uchrashuv boshida darvozabonimizning fantastik seyvi ruhiyatimizga ijobiy ta`sir qildi. Keyin to`p o`tkazib yuborgan bo`lsak ham asta-sekin o`zimizga kela boshladik”.
– Har bir o`yinlarda katta o`zgarish qilmayapsiz. Bu keyinchalik futbolchilarning jismoniy holatiga ta`sir qilmaydimi?
– Biz bu musobaqaga har tomonlama tayyorlandik. Hozir Toshkentda sovuq bo`lgani uchun issiqroq bo`lgan BAAda va keyin Tailandning o`zida musobaqaga tayyorlandik. Guruh bosqichidagi oxirgi o`yindan keyin ko`proq dam olish imkoni bo`ldi. Qolaversa, men bu jamoani 1 yildan beri boshqarib kelmoqdaman. Ichki chempionat noyabrda tugagan. Shundan so`ng jismoniy jihatdan ishlashga imkon ko`proq bo`ldi.
– Hisobda ortda borayotganingizda farq yanada katta bo`lib ketishidan cho`chimadingizmi? Qolaversa, keyin bunchalik yirik hisob qayd etilishini sezganmidingiz?
– Men o`yinchilarimining qobiliyatini yaxshi bilaman. Dastlabki golni o`tkazib yuborganimizdan keyin yigitlarga tushkunlikka tushmasdan professionallarcha o`yin o`tkazishni so`radim. Bugun ko`p gol ura olishimizga ishonar edim. Endi bor e`tiborimizni kelgusi uchrashuvga qaratamiz.
– Tokio Olimpiadasiga bir qadam qoldi. Yo`llanma olishingizga ishonasizmi?
– Albatta, harakat qilamiz. Saudiya Arabistoni jamoasini bilamiz. Ular bilan o`rtoqlik o`yinida ham kuch sinashganmiz. Jamoada jismoniy jihatdan ancha kuchli futbolchilar bor. Bahona qilish emas-ku, raqibda 1 kun ko`proq dam olish imkoni bor. Shundan bo`lsa ham bor e`tiborimizni endi mazkur uchrashuvga qaratamiz.