my5

"Amirsoy"da hujjatlari va sumkalarini unutib qoldirgan oilaga buyumlari qaytarildi

Jamiyat 19.01.2020, 21:56
1172
"Amirsoy"da hujjatlari va sumkalarini unutib qoldirgan oilaga buyumlari qaytarildi

Shu yilning 9 yanvar kuni Farg`ona viloyatining Qo`qon shahrida yashovchi Dilmurod Ahmedov oila a`zolari bilan birgalikda Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumanida joylashgan «Amirsoy» tog`-chang`i kurortiga dam olish uchun kelishadi. Ular ehtiyotsizlik natijasida farzandi, 2008 yilda tug`ilgan Madinabonu Ahmedovaga tegishli xorijga chiqish pasportini kurort hududida tushirib qoldirishadi. So`ngra o`zlari bundan bexabar holda Farg`ona viloyatiga qaytib ketishadi.

Mazkur fuqarolik pasporti shu kunning o`zida viloyat IIBB Xavfsiz turizmni ta`minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan kurort hududida topiladi va 11 yanvar kuni D.Ahmedov bilan telefon orqali bog`lanib, unga bu haqda ma`lum qilinadi.

12 yanvar kuni D.Ahmedovning iltimosiga ko`ra qizining xorijga chiqish pasporti Toshkent shahridagi oliy o`quv yurtida tahsil olayotgan o`g`li R.Ahmedovga topshirildi.

Xuddi shunga o`xshash yana bir holat 11 yanvar kuni ro`y berdi. Samarqand shahrida yashovchi fuqaro Zuhra Mamatova oila a`zolari bilan birga «Amirsoy» tog`-chang`i kurortiga dam olish niyatida kelib, kurort hududida o`ziga tegishli, ichida o`zi va yaqin qarindoshlarining fuqarolik pasportlari, pul va boshqa qimmatbaho buyumlari bo`lgan sumkasini unutib qoldiradi.

Ayolga tegishli sumka kurort hududida xizmat olib borayotgan Xavfsiz turizmni ta`minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan topilgach, ichida bo`lgan fuqarolik pasporti egasini aniqlash maqsadida ko`zdan kechiriladi va Z.Mamatovaning Samarqand shahrida doimiy ro`yxatda turishi ma`lum bo`ladi.

Shundan so`ng tezkorlik bilan Samarqand viloyati IIB Xavfsiz turizmni ta`minlash boshqarmasi bilan bog`lanib, ushbu holat haqida ularga xabar berildi.

Samarqand viloyati IIB XTTB xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv tadbirlari natijasida Z.Mamatovaning telefon raqami aniqlanib, unga sumkasi «Amirsoy» tog`-chang`i kurortida Toshkent viloyati IIBB XTTB xodimlari tomonidan topilganligi ma`lum qilinadi.

Fuqaro Z.Mamatova Toshkent viloyati IIBB XTTB xodimlari bilan telefon orqali suhbat chog`ida oila a`zolari bilan Samarqand viloyatiga qaytib ketayotganligini ma`lum qilib, sumkani Toshkent shahrining Mirobod tumanida yashovchi singlisining uyiga olib kelib berishlarini so`raydi.

Fuqaroning iltimosiga ko`ra, uning buyumlari singlisiga topshirildi. Z.Mamatova beminnat yordamlari uchun Toshkent viloyati IIBB Xavfsiz turizmni ta`minlash boshqarmasi xodimlariga o`z minnatdorligini bildirdi.

Шарҳлар