Infarkt miokard - yurak ishemik kasalliklarining klinik bir turi bo`lib, o`ta xavfli sanaladi. Aytish lozimki, kerakli choralar o`z vaqtida qo`llanmasa ushbu kasallik o`lim bilan yakun topishi mumkin. Bejisga o`z nojo`ya harakatlari va ko`ngil og`ritadigan so`zlarni gapirgan kishilarga "infarkkacha olib borma" degan ibora ishlatilmaydi. Ushbu iboradan ham ko`rinib turibdiki, kuchli hayajon va ruhiy zarba, stress, asabiylashish uning qo`zg`alishiga sabab bo`ladi.
O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vazirligi "Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi" ochiq aksiyadorlik jamiyati olimlari tomonidan o`tkir Q-to`lqinli miokard infarktini o`tkazgan bemorlarda nomaqbul oqibatlar xavfini hisoblovchi kalkulyator dasturi ishlab chiqildi. Bu dastur o`tkir Q-to`lqinli miokard infarktini boshdan o`tkazgan bemorlarda yurak xurujidan to`satdan vafot etish, qaytadan miokard infarkti, surunkali yurak xurujining rivojlanish xavfini oldindan bilish uchun mo`ljallangan. Ushbu kalkulyatordan kardiologiyada foydalaniladi.
Dastur mualliflari bo`lmish R.D.Kurbanov, G.U.Mullabaeva, Yu.G.Kevorkova, A.A.Kilichev va N.B.Sayfitdinovlarga ushbu dastur uchun № DGU 02882 raqamli guvohnoma berildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi rasmiy sayti xabar beradi.