2020 yil 20 yanvar kuni Facebook ijtimoiy tarmog`ida Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahar, “Yangihayot” MFYda yashovchi fuqaro Zulfiya Karimovaning videomurojaati yuzasidan Qashqadaryo viloyat IIB munosabat bildirdi.
2019 yil 15 may kuni Shahrisabz shahar, “Yangihayot” MFY, Yangihayot ko`chasi, 70-uyda yashovchi fuqaro Dilshoda Muhammadieva Shahrisabz shahar IIB boshlig`i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. 2019 yil 20 aprel kunidan 21 aprel kuniga o`tar kechasi yashash uyidan ikki bo`lmali temir seyfni noma`lum shaxslar o`g`irlab ketganligini bildirgan. O`g`irlangan temir seyfda Dilshoda Muhammadievaga tegishli bo`lgan umumiy narxi 23 million 770 ming so`mlik, jami 10 dona tilla taqinchoqlar va turmush o`rtog`i Xusniddin Raxmatovning 110 million so`m pullari bo`lganligini bildirgan.
Oradan bir necha kun o`tib Dilshoda Muhammadieva bozorda taqinchoqlar sotish bilan shug`ullanadigan tanishida o`ziga tegishli bo`lgan tilla taqinchoqlardan birini ko`rib, ularni kim olib kelganligini surishtirib, qo`shnisi Xurramov Sarvar Murodullaevichning turmush o`rtog`i Xolboeva Zarnigor Rajabboy qizidan kelgusida sotish maqsadida o`zaro kelishib, sotib olganligini bilib, mazkur holat yuzasidan qonuniy chora ko`rilishini so`ragan.
Fuqaro D.Muhammadievaning arizasiga asosan 15.05.2019 yilda tashkil qilingan tezkor-surishtiruv tadbirlari davomida Shahrisabz shahar, “Yangihayot” MFY Yangihayot ko`chasi, 74-uyda yashovchi S.Xurramov va uning turmush o`rtog`i Z.Xolboevadan tilladan ishlangan 1 dona erkaklar uzugi, 4 dona ayollar uzugi,
5 juft ayollar sirg`asi va 1 dona tilla zanjir ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan va to`plangan hujjatlar kelgusida qonuniy qaror qabul qilish uchun Shahrisabz shahar IIB huzuridagi Tergov bo`linmasiga o`tkazilgan.
Jinoyat ishi bo`yicha temir seyfdan olingan 6 dona barmoq izlariga daktiloskopik ekspertiza tayinlanib, ekspertiza xulosasiga ko`ra, olingan 6 dona barmoq izlaridan 2 donasi identifikasiya qilishga yaroqliligi aniqlangan va ular D.Muhammadievaning o`g`li Ne`matov Oybek Husniddin o`g`liga tegishli ekanligi aniqlanib, Xurramov Sarvar Murodullaevichga nisbatan JKning
169-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
S.Xurramov tomonidan berilgan ko`rsatuvlarda, u haqiqatdan ham 2019 yil 20 aprel kunidan 21 aprel kuniga o`tar kechasi o`zi qorovul sifatida ishlaydigan Shahrisabz shahar 17-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabida tungi smenada bo`lganligini, shu kuni tungi vaqtda maktab hududini aylangan vaqtda hovlini o`rab turgan devor yaqinida bir bo`lmasi ochiq holdagi seyf yotganligini ko`rib, seyfning yopiq holdagi ya`ni, pastki bo`lmasini temir bo`lagi bilan ochib ko`rganligini, seyf bo`lmasida sariq metaldan ishlangan turli zargarlik buyumlari borligini ko`rib, ularni olib uyiga ya`ni, xotiniga olib kelib berganligini, taxminan may oyining boshlarida pulga zarurat tug`ilganda topib olgan tilla buyumlarning ayrimlarini Shahrisabz shahar buyum bozoridagi zargarlik buyumlar savdosi bilan shug`ullanuvchi shaxslarga sotganligini va pularni o`z ehtiyoji uchun ishlatgan. S.Xurramov topib olingan seyf ichida pullar bo`lmaganligini va u mazkur seyf kimga tegishli ekanligini bilmaganligini hamda seyfni qo`shnisi D.Muhammadievaning uyidan olib chiqmaganligini bildirgan.
Jinoyat ishi bo`yicha D.Muhammadieva bilan buyumni tanib olish tergov harakatlari o`tkazilib, jinoyat ishi bo`yicha ashyoviy dalil sifatida olingan tilla taqinchoqlar belgilangan tartibda baholanib, jabrlanuvchiga tilxat asosida qaytarilgan.
Jinoyat ishi bo`yicha 13.09.2019 yilda Xurramov Sarvar Murodullaevich ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, unga O`zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayblov e`lon qilinib, unga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
13.09.2019 yilda jinoyat ishi Shahrisabz shahar prokuraturasiga yuborilgan va jinoyat ishining ayblov xulosasi shahar prokurori tomonidan tasdiqlanib, JIB Shahrisabz shahar sudiga yuborilgan.
JIB Shahrisabz shahar sudining 24.12.2019 yildagi hukmiga ko`ra S.Xurramov O`zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan aybli topilib, 4 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.