13

Yangi vaksina saratonning oldini oladimi?

Salomatlik 18.02.2015, 16:29
6245
Yangi vaksina saratonning oldini oladimi?

Bolalar uchun bepul vaksinalar miqdori kundan-kunga oshib bormoqda. 2014 yilda O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi Milliy taqvimiga  rotavirus infeksiyasiga qarshi immunizasiya vaksinasini kiritgandi. Xo`sh, 2015 yilda O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi Milliy emlash taqvimiga qanday kasalliklarga qarshi immunizasiya vaksinalarini kiritadi? Respublika sanitariya epidemiologik Markazi immunoprofilaktika bo`limi boshlig`i Lyusiya Kim davolash muassasalariga tarqatilayotgan vaksinalar va ularning nazorati haqida batafsil so`zlab berdi.

Emlash organizmga qanday ta`sir etadi?

Emlashning tarixi  qadim zamonlarga borib taqaladi. Ilk emlashlar suvchechakning engil ko`rinishiga qarshi amalga oshirilgan... Insoniyat tarixi shuni ko`rsatdiki, vaksina u yoki bu yuqumli kasalliklarga immunitet shakllantiradi. Ya`ni u immun tizimining qaysidir infeksiyaga qarshi kurashini  kuchaytiradi. Keyin immunitet organizmga kiritilgan infeksiya bilan kurashadi hamda uni chaqirgan mikroorganizmni eslab qoladi. Infeksiya yana organizmga tushgan taqdirda, tabiiy himoya qilgan holda u bilan kurashadi.

JSST Evropa hududiy byurosi bergan ma`lumotlarga ko`ra, poliomelit, qoqshol, difteriya, ko`kyo`tal, qizamiq va epidemik paratitga qarshi rejali emlash  har yili butun dunyoda 3 million bolaning hayoti va salomatligini saqlab qoladi.

Bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan yangi vaksinalar yana ham ko`proq — qariyb 8 million bolaning umrini saqlab qolishga ko`mak beradi.

Kimlar qamrab olingan?

Mamlakatimizda sanitariya-epidemiologiya holatni barqaror saqlash va yuqumli kasalliklarga qarshi kurashning zamonaviy tizimi yaratilgan. Milliy emlash taqvimiga muvofiq o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan bolalar o`nta kasallikka qarshi emlanmoqda. Milliy emlash taqvimiga kiritilgan immunoprofilaktika tadbirlariga ketadigan mablag`lar davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

Nazorati qanday yo`lga qo`yilgan?

Emlash ishlarini amalga oshirishda foydalaniladigan, jahon tibbiyoti amaliyotida keng qo`llanilayotgan eng samarali emlash vositalari mamlakatimizga olib kelinib, tegishli tartibda tibbiy-laboratoriya sinovlaridan o`tkaziladi. Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan muvofiqlik sertifikati bilan kafolatlandi va sovuqlik zanjiri tizimiga rioya etilgan holda joylardagi emlash punktlariga etkazib beriladi.

Statistika nima deydi?

So`nggi o`n yillikda respublikada profilaktik emlash qamrovi 95% ni tashkil etgan bo`lsa, oxirgi oylarga kelib 99% ni tashkil etmoqda. Va bu o`z natijalarini bermoqda. Mamlakatda bolalarning infeksion kasalliklarini birdaniga ko`p miqdorda kamaytirilishiga erishildi.

So`nggi 10 yilda Milliy emlash taqvimiga uch marta o`zgartirish kiritildi. 2001 yilning oktyabr oyidan boshlab gepatit Vga qarshi vaksina joriy etilgan bo`lsa, 2007 yilda mamlakatda qizamiq, epidemik parotit va qizamiqqa qarshi emlash ishlari tashkillashtirildi. 2009 yilda qoqshol, difteriya,  gepatit V virusi, gemofil infeksiyalarining barchasi faqatgina bitta vaksina bilan almashtirildi va bir vaqtning o`zida bolalarni ushbu kasalliklardan ozod qilinishiga sabab bo`ldi.

Yangi vaksinalar kimlarga joriy qilinadi?

2014 yilning ikkinchi yarmida immunizasiya Milliy taqvimiga  yangi vaksinasiya kiritildi va bu rotavirus vaksinasi deya nom oldi. Uni ikki-uch oylik bolalarga qo`llashadi. Uzoq vaqtlar vaksina AQSh va Evropada mavjud edi, xolos. Bolalarga vaksinasiyani tashkillashtirishdan asosiy maqsad bolalarni ushbu infeksiyadan batamom  qutqarishdir. Bu bolalar o`rtasidagi diareya kasalligini 15-20% kamaytirishga yordam beradi. Darvoqe, bunday vaksina O`rta Osiyoda ilk bor bizning mamlakatimizda amalga oshiriladi.

2015 yilda immunizasiya taqvimi pnevmokok infeksiyasiga qarshi emdori bilan to`ldiriladi. Shuningdek, bu yildan poliomelitga qarshi in`eksion vaksina joriy etilishi ko`zda tutilgan, ya`ni agar avval vaksina tomchi yo`li bilan kiritilgan bo`lsa, endi in`eksiya yo`li bilan amalga oshiriladi. Mazkur vaksina bilan bir yoshgacha bo`lgan bolalarni qamrab oladi.

Saratonga qarshi vaksina

2016 yilda esa HPV – inson papillomasi virusiga qarshi emdorilar tatbiq etiladi. Ushbu immunizasiya o`smir qizlarga tatbiq etilib, ular bachadon bo`yni saratonini keltirib chiqaradigan papilloma virusi kasalligining oldini olishga qaratilgan.

Ushbu kasallik statistikasi shuni ko`rsatmoqdaki, har yili bachadon bo`yni saratoni bilan 470 ming holat ro`yxatga olinadi. Ulardan qariyb yarmi o`lim bilan yakunlanadi.

O`zbekiston hukumati tomonidan ushbu maqsadlar uchun byudjetdan 36,227 mlrd. So`m,  Vaksinasiya va immunizasiya bo`yicha global alyans va JSST tomonidan  4,5 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag` ajratilishi  rejalashtirilgan.

 Laylo RUSTAMOVA tayyorladi

Шарҳлар