Му5
8

Gulnora Karimovaning Britaniyadagi mol-mulklari ro`yxati e`lon qilindi

Jamiyat 28.01.2020, 12:08
1372
Gulnora Karimovaning Britaniyadagi mol-mulklari ro`yxati e`lon qilindi

O`zbekistonning Birinchi prezidentining to`ng`ich qizi Gulnora Karimova Britaniyaning Surrey grafligidagi qasr hamda Londonning nufuzli tumanlaridagi umumiy qiymati 40 million funt sterlingga (52 million dollar) teng ikki kvartiraga egalik qiladi. Bu haqda Daryo internet nashri, Daily Mail xabariga  tayanib ma`lum qilmoqda.

Qayd etilishicha, birlashgan qirollik hukumati aynan ushbu ob`ektlarni o`z foydasiga musodara qilishga harakat qilmoqda.

Gulnora Karimovaga tegishli mol-mulklar ro`yxatini katta miqdordagi firibgarlik jinoyatlariga qarshi kurashish byurosi taqdim etgan.

Karimova Surreydagi Gorse Hill Manor qasrini 2010 yilda 18 million funt sterling (23,5 million dollar) evaziga sotib olgan. Bugungi kunda ushbu ob`ekt 30 million funt sterlingga (39 million dollar) baholanmoqda.

Qasr 1912 yilda qurilgan bo`lib, uning hududida qayiqda sayr qilishga mo`ljallangan ko`l hamda 70 ming metr kvadrat maydonga ega bog`lar joylashgan.

Qasrga yondosh hududlarda badavlat insonlarning saroylari joylashgan. Xususan, Gulnora Karimovaga tegishli qasr yaqinida Bruney sultonining uyi bor.

Britaniya poytaxtida esa Karimovaga tegishli ikkita kvartira mavjud: Meyfer tumanidagi 8 million funt sterlingga (10,4 million dollar) va Belgraviya tumanida 2 million funt sterlingga (2,6 million dollar) baholangan xonadonlar.

2018 yilning oktyabrida Britaniyaning katta miqdordagi firibgarlikka qarshi kurashish byurosi Gulnora Karimovaning korrupsion faoliyatidan topilgan pullar evaziga xarid qilingan uchta ob`ektni xatlash yuzasidan da`voni ilgari surgan edi. Biroq o`shanda aynan qaysi ob`ektlar nazarda tutilganiga oydinlik kiritilmagan.

2017 yilda O`zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga nisbatan ikkinchi jinoyat ishini ochgan edi. O`shanda Karimova xorijiy mamlakatlardagi aktivlarni legallashtirganlikda ayblandi.

Jinoyat ishi doirasida Gulnora Karimova Britaniyada 4,2 million funt sterling (5,5 million dollar) miqdoridagi pul mablag`lari, shuningdek umumiy qiymati 22,9 million funt sterlingga (30 million dollar) teng uy, kvartira va villalarga egalik qilishi oydinlashgan edi.

Britaniyadagi aktivlar ro`yxatida, xususan Londondagi Chesham Street, 25-uyda joylashgan to`rt qavatli turar joy binosining birinchi, uchinchi va to`rtinchi qavatlaridagi kvartiralar OAVda tilga olingan edi.

2019 yilda Fransiya hukumati Karimovaning mol-mulkini sotishdan tushgan pulni O`zbekistonga qaytarishni ma`lum qilgan edi. Gap Parijdagi kvartira, Sen-Trope tumanidagi villa hamda Parij tashqarisidagi qasr haqida ketmoqda.

Ma`lum bo`lishicha, Parijdagi kvartira auksionda 14 million evroga sotilgan. Pulning bir qismi ya`ni 2 million evro tergov xarajatlariga ishlatiladi. Mablag`ning qaytarilgani haqida hozirgacha ma`lumot berilmagan.

Shveysariya prokuraturasi ham mamlakat banklaridagi muzlatilgan Gulnora Karimovaga tegishli pullarni O`zbekistonga qaytarishga tayyorligini bildirgan. Biroq aktivlar O`zbekistonga muayyan shartlar asosida qaytariladi: Toshkent pullarning qaytarilish jarayonining shaffof bo`lishini, pullar aholi farovonligi hamda mamlakat rivojlanishi uchun ishlatilishini ta`minlashga kafolat berishi kerak.

Eslatib o`tamiz, Gulnora Karimovaning uylaridan 12,7 milliard so`mlik san`at asarlari chiqqan edi.

Шарҳлар