So`nggi kunlarda Xitoyda tarqalgan koronavirus jahon afkor ommasini tashvishga solmoqda. Dunyoning bir necha mamlakatlari Xitoydagi o`z diplomatik xodimlari va oddiy fuqarolarini virus tarqagan hududlardan evakuasiya qilishni rejalashtirmoqdalar, deya yozmoqda xorijiy manbalarga asoslanib Tarjumon.
Quyida ba`zi mamlakatlarning evakuasiya qilish rejalari bilan tanishamiz.
Uxan hududida Fransiyaning 800 nafar fuqarosi yashaydi va ularning bir necha yuztasi vataniga qaytarilishi kutilmoqda. Ortga qaytanlar Fransiyada virus tarqalishining oldini olish uchun 14 kun karantinda bo`lishlariga to`g`ri keladi.
Yaponiya 28 yanvarda Uxandan qaytishni istagan har bir fuqarosi uchun charter reyslarini tashkil qilishi kutilmoqda. Tashqi ishlar vaziri Toshimitsu Motegining aytishicha, Xubey viloyatida 430 ga yaqin yapon fuqarosi borligi tasdiqlangan.
Ispaniya hukumati Xitoy va Evropa Ittifoqi bilan Uxan hududidan ispan fuqarolarini vataniga qaytarish bo`yicha ish olib bormoqda, deydi tashqi ishlar vaziri Arancha Gonsales Laya.
AQSh Davlat departamenti Uxandagi konsulligidan o`z xodimlarini vatanga qaytarishini ma`lum qildi. Shuningdek, maxsus reysda AQShning oddiy fuqarolariga ham cheklangan miqdordagi joylarni taqdim etiladi. Fuqarolar 28 yanvar kuni Uxandan San-Fransiskoga jo`nab ketadigan «yagona reys»ga chiqishlari mumkin, deyiladi xabarda.
Britaniya xalqaro hamkorlar bilan Britaniyaning va boshqa chet el fuqarolarining Uxanni tark etishiga yordam berish yo`llarini topish uchun ish olib bormoqda, dedi Bosh vazir Boris Jonsonning vakili.
Rossiya Xitoy bilan Uxan va Xubey provinsiyalaridan o`z fuqarolarini evakuasiya qilish to`g`risida muzokaralar o`tkazmoqda, deya xabar beradi Rossiyaning Xitoydagi elchixonasi.
Gollandiya hukumati ham 20 ta fuqarosini Uxandan evakuasiya qilish yo`llarini ko`rib chiqmoqda, deya xabar beradi ANP matbuot agentligi.
Myanma rasmiylari Uxanda o`qiyotgan 60 nafar talabani evakuasiya qilishni rejalashtirayotgan edi, ammo bu reja bekor qilingan.
Eslatib o`tamiz, Hubey viloyati markazi Uxan virus o`chog`i hisoblanib, bu shaharda 11 million aholi yashaydi. Uxanga kirish-chiqish batamom ta`qiqlangan, 60 millionga yaqin aholiga ega Hubey viloyatida transport ma`lum miqdorda cheklangan.