41

Noodatiy g`ildiraklarga ega avtomobillar

Hi-tech 20.02.2015, 14:40
9261
Noodatiy g`ildiraklarga ega avtomobillar

Yaqinda “Nissan” kompaniyasi g`ildirak o`rniga zanjirli moslama o`rnatilgan “Juke Nismo RS” krossoverini namoyish etdi. Mashina Skandinaviyada o`tkazilayotgan marosim uchun maxsus tayyorlandi, deb yozadi xabardor.uz.

Bunday o`zgarishga uchragan mashinalar dunyoda ko`plab topiladi.

“Nissan” injenerlari “Juke Nismo RS”ga “American Track Truck” kompaniyasining zanjirlarini o`rnatishdi. 

Zanjirni o`rnatish uchun yaponlar “Juke” kuzovining old va orqa qismlarini qayta ishlashdi, shuningdek, to`liq harakatni boshqarish uchun javob beruvchi elektronikani ham o`zgartirishdi. Darvoqe, mashinaning nomi “RS”dan “RSnow”ga o`zgartirildi.

“American Track Truck”ning zanjirlari o`rnatilgan yana bir avtomobil namunasi. Bu safar “Subaru Impreza” sedani g`ildiraklaridan judo bo`ldi.

Nomi “Snowareg” deb o`zgartirilgan zanjirli “Volkswagen Touareg”ni “VW” kompaniyasining Shvesiyadagi bo`linmasi ishlab chiqardi. Mashina uchun zanjirni Amerikaning “Matttracks” kompaniyasidan olishdi.

Avtomobil yagona nusxada ishlab chiqarilgan bo`lib, undan turli marosim va tadbirlarda foydalaniladi. 

Mana bu zanjirli pikap esa Ken Blokning “Hoonigan Racing Division” jamoasi uchun tayyorlangan. Mashinani “Special Vehicle Concepts” firmasi qayta ishlagan. Pikap zanjirdan tashqari yana bir qator yangi detallar bilan boyigan.

Blok g`ildirak o`rniga zanjirli mexanizm o`rnatilgan mashinalar bilan ilgari ham shug`ullangan. 2009 yilda uning 400 ot kuchiga ega motor va zanjir o`rnatilgan “Subaru Impreza”si bor edi.

Bunisi esa yanada ajoyib: “AD Boivin” kompaniyasi yig`ma zanjirli konstruksiyani yaratdi. Ushbu qurilma g`ildirakka besh-o`n daqiqa ichida o`rnatiladi. Shundan so`ng har qanday qorli to`siqlardan ham bemalol oshib o`tish mumkin. Lekin ushbu to`plamni sotib olish uchun 25 ming dollardan voz kechishga to`g`ri keladi.

Nijegoroddagi vezdexod mashinalar zavodi (ZVM) qor va botqoqliklarda yuradigan “Uxtsh” deb nomlanuvchi avtomobilni ishlab chiqardi. U “UAZ-31512” asosiga qurilgan.

Model 143 ot kuchiga ega benzin yoki 113 ot kuchiga ega dizel motori bilan jihozlanadi va narxi 1 million 930 ming rubldan boshlanadi.

Zanjirli “Buxanka”ni esa ZVMdagilar “Uzola” deb nomlashdi.

Unga ham benzin va dizel motorlari o`rnatiladi, faqat ular mos ravishda 142 va 98 ot kuchiga ega. Eng arzon yo`lovchi “Uzola”ning narxi 1 million 910 ming rublni tashkil etadi.

“Fiat Panda” asosidagi ushbu bigfutni italyan avtomobil ishlab chiqaruvchisi 2012 yilda reklama roligi uchun ishlab chiqargan. 

“Fiat”ga ushbu mashinani yaratish uchun “Mercurio Cinematografica” kinostudiyasi, “Fabio Gementi” avtomobil ustaxonasi va dizayner Andrea Faini yordam berdi.

Ulkan g`ildiraklar mittigina “Panda”ga joylashishi uchun kompaktvenning shassisini “Jeep CJ7 4200” platformasiga o`zgartirishdi. Ushbu o`zgarishdan so`ng modelning bo`yi 2,3 metrga balandroq bo`lib qoldi.

Yana bir kutilmagan pikap — “DeLorean DMC-12”. U “vaqt mashinasi” ishqibozi Rich Veyssenselga tegishli. Uning bundan tashqari “DMC-12” asosida qurilgan limuzini va aynan ushbu modeldan tayyorlangan havo yostiqchali kateri ham bor.

Olti g`ildirakli “Mercedes-Benz G 63 AMG” haqida ko`p gapirilgan, lekin uni mazkur ro`yxatga qo`shmaslikning iloji bo`lmadi.

Dastlab nemislar bu mashinani Yaqin Sharqdagi mijozlari buyurtmasiga ko`ra ishlab chiqarishgandi, lekin keyinchalik uni butun dunyoda sotishga qaror qilishdi. Jumladan, Rossiyada ham. 

Yo`ltanlamasga 5,5 litrli tvin-turbo benzin motori o`rnatilgan bo`lib, quvvati 544 ot kuchiga teng. 

“G 63 AMG 6×6”ning egasiga aylanish uchun avvalo 9 million 100 ming rublga oddiy “G 63 AMG”ni sotib olish lozim, so`ngra 18 million 960 ming rublga “P66” qo`shimcha paketiga buyurtma beriladi.

Rassom Mettyu Xarrison esa “Hummer H3”da oddiy g`ildiraklarni qoldirdi, faqat mashinaning emas, aravaning g`ildiraklarini o`rnatdi. 

Mashinani u “Zoo Art Fair” festivali uchun maxsus tayyorladi.

Комментарии