Tvorog tarkibida ko`p miqdorda vitamin va minerallar mavjud. Shuning uchun tvorog iste`moli hamda undan kosmetologik muolajalarda foydalanish yuz terisini sog`lomlashtirish va yoshartirishga xizmat qiladi. Masalan, tvorogdagi A vitamini terini yoshartirsa, B12 vitamini yuzning rangini yaxshilaydi, magniy mikroelementi esa kollagen ishlab chiqarilishiga ko`mak beradi.
Yuz uchun niqoblardan foydalanishda avval teringiz turini aniqlab oling. Quruq teri uchun eng yog`li tvorog, yog`li teri uchun esa aksincha yog`sizlantirilgan tvorogdan foydalangan ma`qul.
Tvorog va olmali niqob
Yuz terisini qisqa vaqt ichida tartibga keltirish kerak bo`lsa, bu niqob aynan siz uchundir. U teridagi ajinlarni tekislab, namlantiradi, oziqlantiradi va tetiklik bag`ishlaydi. Niqobni tayyorlash uchun bir osh qoshiq tvorog va 1 qoshiq olma pyuresi, shuningdek ikki osh qoshiq smetanani qo`shib aralashtiring. So`ng yuz terisiga surtib 5-6 daqiqa qoldiring. Keyin iliq suvda yuvib tashlang.
Yoshartiruvchi niqob
Niqob uchun ikki osh qoshiq tvorog, bir dona tuxum, bir choy qoshiqdan asal va Shi yog`i (uning o`rnini o`simlik yog`i ham bosa oladi), yarim choy qoshiq maydalangan dolchin, bir osh qoshiq konyak, bir ampula suyuq E vitamini (dorixonalarda sotiladi) kerak bo`ladi. Barchasini aralashtirib, yuzingizga suring. Niqobni iliq suvda yuvish tavsiya etiladi.
Tvorog va sitrusli niqob
Yuz terisini sog`lomlashtirish va yorqinligini qaytarishda mazkur niqob qo`l keladi. Niqob uchun ikki osh qoshiq limon yoki apelsin sharbati, ikki osh qoshiq tvorog kerak bo`ladi. Istalgan sitrus mevalardan foydalanish mumkin. Asosiysi, quruq yuz uchun shirin mevalar, yog`li yuz terisi uchun nordon mevalar tanlash kerak. Mevalar va tvorogni arashtirib, ezasiz hamda tozalangan teriga surasiz. Makzur niqobni 2—3 marta qo`llashingiz bilan yuz terisi ko`z o`ngingizda o`zgarganligini payqaysiz.
09.02.2020 21:31
Tvorogli niqoblar yuz terisini yoshartiradi
