Sensasiya: Neyroxirurgiya sohasida noyob operasiya o`tkazildi

Salomatlik 05.03.2015, 15:55
11313
Sensasiya: Neyroxirurgiya sohasida noyob operasiya o`tkazildi

FALAJ TAShXISI QO`YILGAN BOLA YuRIB KETIShIGA IShONCh PAYDO BO`LDI!

O`tgan oyda poytaxtimizdagi Neyroxirurgiya ilmiy Markazida ilk bor O`zbekistonda bolalar serebral falaji tashxisi qo`yilgan bolada jarrohlik amaliyoti o`tkazildi. To`rt soatlik og`ir amaliyotdan so`ng 8 yoshli bola o`zini yaxshi his qilmoqda. Asosiysi, uning oyoqlari bukila boshladi, shifokorlar uning yurib ketishiga umid qilishmoqda. Xo`sh, aslida bolalar serebral falaji (BSF) qanday xastalik? Neyroxirurgiya ilmiy Markazida ayni shu xastalik bilan og`riganlarning davolanishi uchun qanday tartiblar mavjud? Imtiyozla dasturlar ham tatbiq etiladimi? Ayni yuqoridagi shov-shuvli jarrohlik amaliyoti sabab biz mavzuga doir shu kabi savollarga javob topishga harakat qildik. Savollarimizga Respublika neyroxirurgiya ilmiy Markazi direktori, professor G`ayrat QORIEV va markaz jarrohi Igor Aleksandrovich YuGAYdan javob oldik.

DAVOLANISh UChUN TALABLAR QANDAY?

«Neyroxirurgiya Markazida davolanish uchun qanday talablar mavjud?»

S. Latipov, Farg`ona sh.

— O`zbekistonning har bir fuqarosi Markazda davolanishga to`la  haqli. Biz tezkor yordam zarur bo`lgan bemorlarga tunu kun malakali neyroxirurgik yordam ko`rsatamiz. Bundan tashqari Markazda maslahat  poliklinikasi ham mavjud, bu erga har kuni qariyb 100 kishi murojaat qiladi. Tibbiy tekshiruvlardan o`tgan har bir bemor zarur holda neyroxirurgik aralashuv uchun Markazga sog`liqni saqlash organlari tomonidan berilgan order yoki to`lov-shartnoma asosida yotqiziladi. Aytish joizki, asab tizimining bir qator kasalliklari hukumat tomonidan belgilangan bepul xizmatlar ro`yxatiga kiritilmagan.

BEPUL OPERASIYa HAM O`TKAZILADIMI?

«Kimlar bepul operasiya qilinadi?»

Hulkar Ibragimova, Uchquduq sh.

Neyroxirurgiya ilmiy Markazida hukumat tomonidan belgilangan ro`yxat asosida orqa va bosh miyaning onkologik shikastlanishi, 18 yoshgacha bo`lgan o`smirlar va bolalarga, I va II guruh nogironlariga, Ikkinchi jahon urushi faxriylariga bepul tibbiy yordam ko`rsatiladi. Markazimizda mavjud barcha xizmatlar ushbu imtiyozli guruhga bepul ko`rsatiladi.

JARROHLIKDAN SO`NG BUTUNLAY TUZALISh MUMKINMI?

Yaqinda neyroxirurgiya markazida bolalar serebral faladji bilan og`rigan 8 yoshli bemorda jarrohlik amaliyoti o`tkazilgani haqida eshitdik. Ayting-chi, bu jarrohlik ayni shundjay xastalikning butulay davolanishi uchun echim bo`la oladimi?

F.Xolto`raeva, Qashqadaryo viloyati

Markazimizda BSF xastaligi ustida o`tkazilgan jarrohlik amaliyoti jarayonida elektrneyromonitoring uslubi qo`llanildi, bunday uslubdagi amaliyotdan so`ng oyoq-qo`llar ancha bo`shashib, bola harakatlanish imkoniyatiga ega bo`ladi. Albatta, bu jarayon darhol yuz bermaydi, biroq kelajakda mo``jiza ro`y berish ehtimoli katta. Markazimizda o`tkazilgan bu turdagi jarrohlik amaliyotidan so`ng  bemorning oyoqlari biroz bukila boshladi, bu albatta quvonarli natija. Taxminimizcha, bolada ijobiy natija kuzatilishi hali davom etadi. Axir u shuncha yil davomida harakatsiz bo`lgan, tabiiyki, tiklanish uchun vaqt talab etiladi. O`ylashimizcha, uch oydan ko`proq vaqt o`tgach, uning salomatligi yaxshilanib, oyoqqa turib, yurib ketadi. Hozircha u yangi sharoitga ko`nikishi lozim. Bu ilk operasiya, u avvaldan puxta o`ylanib, amalga oshirildi. Har holda ijobiy o`zgarishlarga umid katta! 

MA`LUMOT UChUN

Bolalar serebral falaji (BSF) - og`ir kasalliklardan biri bo`lib, bola umrining birinchi yilida: ante-, intra- va postnatal davrlarda bosh miyaning turli shikastlanishlari oqibatida kelib chiqadi. BSF li bemorlar jismoniy va ruhiy rivojlanishda keskin ortda qolishadi, o`zlariga mustaqil yordam bera olishmasligi tufayli bu nafaqat tibbiy, balki katta ijtimoiy muammolar chaqiradi.

Jismoniy va ruhiy rivojlanishdan ortda qolish, qo`l va oyoqlarda turli ko`rinishdagi harakat va sezuvchanlikning buzilishi, tutqanoq xurujlari, statokoordinator buzilishlar, yuqori asab faoliyatini sekinlashishi BSFning asosiy simptomlari hisoblanadi. Bolalar serebral paralichining spastik shakli — bolalarda keng tarqalgan patologiyalardan biri sanaladi. Bunday holatda bolada gipertonus yuzaga kelib, buning oqibatida u harakatlana olmaydi va his etmaydi.

 

Шарҳлар